Transport vazirligi inspektorlari qanday vakolatga egaligi va yo‘l nosozligi YTHlarga sabab bo‘lganda ko‘riladigan choralar haqida 3 mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

Yo‘l nosozligi (yamalar) sababli YTH sodir bo‘lganda, haydovchiga zarar qoplanib berishi haqida aytildi.

«Har qanday YTH sodir bo‘lganda haydovchi yo‘lning aybi bilan bo‘ldi deb murojaat qilishga haqli. Shunaqa murojaat qilinganda transport vazirligi huzuridagi avtomobil yo‘llarini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘rganiladi va xulosa beriladi. Agar yo‘l nosozligi [YTHga] sabab bo‘lgan bo‘lsa, bu xulosa sudga taqdim etiladi», — dedi Avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti rahbari Ruslan Ro‘zmetov.

Departament rahbarining aniqlik kiritishicha, ushbu holatlarda YTH oqibatidagi zarar yo‘l qaysi tashkilot balansida bo‘lsa, o‘sha tashkilot tomonidan qoplab beriladi. «Bunda haydovchi o‘z huquqini bilishi, murojaat qilishi katta ahamiyat kasb etadi» — deya ta’kidladi u.

Ruslan Ro‘zmetovning ma’lum qilishicha, Transport vazirligi avtomobil tashuvlarini nazorat qilish boshqarmasi inspektorlari yo‘lovchilar va yuklar tashuvchi avtotransport vositalarida litsenziya kartochkalari mavjud bo‘lishini, avtomobillarda tashuvlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini, haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etishini nazorat qiladi.

Bu tadbirlar yo‘lovchilar to‘planadigan va yuklar ortiladigan hamda tushiriladigan yirik punktlarda (temir yo‘l vokzallari va stansiyalarida, daryo portlarida, bozorlarda, metropolitenning oxirgi stansiyalarida, avtovokzallarda (avtostansiyalarda), avtobus yo‘nalishlarining oraliq va oxirgi to‘xtash bekatlarida hamda IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining statsionar postlarida amalga oshiriladi.

Nazoratni amalga oshirishda inspektorlar quyidagi vakolatlarga ega:

  • avtotransport vositasining oldiga kelishi, familiyasini, lavozimini aytib haydovchiga o‘zini tanishtirishi, haydovchining talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi;
  • haydovchilarga ularning huquqlarini tushuntirishi;
  • shaxsning huquq va qonuniy manfaatlariga qat’iy rioya qilishi, o‘z xizmat vazifasini aniq bajarishi, haydovchiga nisbatan madaniyatli muomalada bo‘lishi lozim.

«Inspektor avtotransport vositasining litsenziya kartochkasini ko‘zdan kechiradi va haydovchida litsenziya kartochkasi mavjud bo‘lmagan taqdirda tegishli tarzda bayonnoma tuzadi. Haydovchi inspektordan shaxsini tasdiqlovchi hujjat, guvohnoma, ko‘krak nishoni, dislokatsiyasini so‘rashi mumkin. Bir oylik qo‘shma reyd tadbirlari har oyda tasdiqlanadi va inspektorlar shu asosda ish olib borishadi. Bu dislokatsiya har oy o‘zgaradi» — deydi Ruslan Ro‘zmetov.

Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov vazirlik xodimlari yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari bilan hamkorlikda ishlashini qayd etib o‘tdi.

«Bizning vazirlikka tegishli avtomobil tashuvlarini nazorat qilish inspektorlari hech qachon bir o‘zi yakka tartibda istagan paytida va istagan joyida reyd o‘tkazmaydi. Avtomobilni to‘xtatish bilan YHX xodimlari shug‘ullanishadi» — deydi Ashurmatov.