Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 mart kuni uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘zbekistonda 2017−2020 yillarda davlat dasturlari asosida 140 mingta yoki yiliga o‘rtacha 35 mingtadan uy-joylar barpo etilgan bo‘lib, bu avvallari yiliga qurilgan o‘rtacha uy-joydan 4−5 baravar ko‘proqni tashkil etadi.

Yig‘ilishda mamlakat aholisining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish uchun yiliga kamida 100−150 mingta uy-joy qurish kerakligi aytildi.

Shu maqsadda 2021 yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlash mo‘ljallanmoqda. Jumladan, davlat ipoteka dasturi doirasida jami 45 mingta uy quriladi.

Shundan:

  • «Qishloq qurilish invest» va «O‘zshahar qurilish invest» injiniring kompaniyalari tomonidan 12 mingta uy;
  • Moliya vazirligi tijorat banklariga joylashtiradigan resurslar hisobiga 26 ming 500 ta kvartira;
  • xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan 8 mingta xonadon foydalanishga topshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun 500 tagacha, jami 6,5 mingta oilaga kredit beriladi. Bundan tashqari, og‘ir turmush sharoitiga tushib, boshpanasiz qolgan mingta oila, ayniqsa, ayollarga ijara asosida ijtimoiy uy-joylar ajratiladi.

Hududlar miqyosida aytganda, Qoraqalpog‘istonda 2290 ta, Andijonda 4665 ta, Buxoroda 3220 ta, Jizzaxda 1670 ta, Qashqadaryoda 3710 ta, Navoiyda 1836 ta, Namanganda 4025 ta, Samarqandda 4479 ta, Surxondaryoda 3989 ta, Sirdaryoda 1414 ta, Toshkent viloyatida 4046 ta, Farg‘onada 4530 ta, Xorazmda 3016 ta va Toshkent shahrida 7556 ta uy-joy qurib bitkaziladi.

2021 yilda aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida 11 trillion 500 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ta’kidlandi.