Toshkentda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan «Ayollar yetakchi lavozimlarda: COVID-19 pandemiyasi sharoitida teng huquqli kelajakka erishish» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda BMT Taraqqiyot Dasturi «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva nutq so‘zlab, O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi haqida so‘z yuritdi.

«Ayollar daftari» bo‘yicha 6 mln nafardan ortiq ayollar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazildi va og‘ir ahvoldagilari bu daftarga kiritildi. «Xalq banki»ni «Ayollar banki»ga aylandi, deb aytishimiz mumkin. Chunki ayollarni qo‘llab-quvvatlash shu bank orqali amalga oshirilmoqda va buning uchun qo‘shimcha 1 trln so‘m mablag‘ ajratildi. Xorijiy hamkorlarimiz ham 2,7 mln dollar miqdorida grant beryapti», — deya ta’kidladi u.

Narbayeva qizlar oliy ta’lim bilan qamrash masalasiga ham to‘xtaldi.

«Bu yil ehtiyojmand oilalarning 2 ming nafar qizlari oliy ta’lim muassasalarida bepul o‘qitiladi, o‘tgan yili ularning soni 950 nafar edi. Bu sonni oshirib borish masalasi shaxsan davlat rahbari nazoratida turibdi. Biz oliy ta’lim oluvchilar orasida qizlarni 50 foizga yetkazishga harakat qilishimiz kerak», — deya ta’kidladi Senat raisi.