Umumta’lim fanlaridan bilimni baholash bo‘yicha milliy test tizimini yo‘lga qo‘yish masalalari seshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan brifingda muhokama qilindi. Oldinroq yozganimizdek, 2021 yilning o‘zidan umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risida sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentga OTMga kirish test sinovlarida ushbu fandan ozod qilinadi.

Oktyabr oyida hukumat tomonidan tasdiqlangan tartibga ko‘ra, birinchi bosqichda (1 dekabrdan) — ona tili va adabiyot (o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillari uchun) hamda matematika, ikkinchi bosqichda (1 fevraldan) — kimyo va biologiya hamda uchinchi bosqichda (2022−2024 yillar) — fizika, geografiya, tarix fanlaridan test tizimi joriy qilinadi.

Ona tili va adabiyot hamda matematika fanlaridan test topshirish uchun 3608 kishi ro‘yxatdan o‘tgan va ular uchun test sinovlari aprel oyida bo‘lib o‘tadi. 3 martdan kimyo va biologiya fanlaridan testga ro‘yxatga olish boshlanadi va may oyida bu fanlardan testlar tashkil qilinadi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Odil Qo‘ysinovning ta’kidlashicha, maktablarda o‘quvchilarning kreativ fikrlashini rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlar joriy qilinayotgan bo‘lishiga qaramasdan, oliy ta’limga saralashda asosan xotirani tekshiradigan testlardan foydalanilmoqda. Bu holat salbiy «washback» effektiga olib kelmoqda.

Joriy qilinayotgan milliy test tizimi shu muammoni hal qilishga qaratilgan, chunki bu tizimda nafaqat yopiq test topshiriqlari, balki ochiq test topshiriqlari (ochiq test topshiriqlari — javob variantlari berilmagan, javobini abituriyentning o‘zi yozishi kerak bo‘lgan savollar — tahr.) ham ishlatiladi. Testlarning mazmuni ikki tashkilot — Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’lim vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.

Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarining xabar berishicha, bu tizimni joriy etish uchun Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya davlatlarining tajribasi, shuningdek, PISA, PIRLS singari xalqaro testlar o‘rganildi. Malakali pedagoglar va metodistlardan iborat ekspertlar guruhi shakllantirildi va ular uchun testologiya va baholash nazariyasi bo‘yicha seminar tashkil qilindi.

Xalq ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Laziz Xo‘jaqulovning xabar berishicha, inspeksiya va vazirlik tavsiya qilgan ekspertlar hozirgi paytda Davlat test markazi binosida milliy tizim uchun test topshiriqlarini shakllantirmoqdalar. Davlat test markazi esa, o‘z navbatida, testning tashkiliy masalalari va xavfsizligini ta’minlash ustida ishlamoqda.

Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabovga ko‘ra, Davlat test markazi saytida milliy test tizimi uchun testlar spetsifikatsiyalari e’lon qilingan. 3 mart kuni DTM saytida ona tili va adabiyot hamda matematika fanlaridan test namunalari tahlillari bilan e’lon qilinadi.

Laziz Xo‘jaqulovning ta’kidlashicha, umumta’lim fanlaridan milliy test tizimida qatnashgan abituriyentlarda yozgi OTMlarga kirish imtihonlarida qatnashish imkoniyati ham saqlanib qoladi. Sertifikat uch yilga beriladi va abituriyentlar uni keyingi yillarda ham ishlatishi mumkin. OTMlarga kirish imtihonida abituriyentga tegishli fandan sertifikatdagi ballariga qarab maksimal ballga nisbatan proporsional ballar beriladi.

Matbuot anjumani ishtirokchilari «Gazeta.uz» muxbirining savollariga javob berishdi.

«Gazeta.uz»: Milliy tizimda ishlatiladigan har bir test varianti aprobatsiyadan o‘tkaziladimi? Bu testlarning sifati qanday nazorat qilinadi?

Sardor Rajabov: Hozirgi kunda har bir fandan bittadan test varianti ishlab chiqilgan va aprobatsiyadan o‘tkazilgan. Bu variantlar hamda ularning tahlili DTM saytida e’lon qilinadi. Testlarning mazmuniga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’lim vazirligi mas’ul va men o‘ylaymanki, ular ham hammasi aprobatsiyadan o‘tkaziladi.

«Gazeta.uz»: Milliy tizim uchun testlar spetsifikatsiyasidan ko‘rinib turibdiki, bu testlar OTMga kirish testlaridan ko‘ra ko‘proq ko‘nikmalarni qamrab oladi va abituriyentlardan ko‘proq mehnat talab qiladi. Nima uchun bu fanlardan abituriyentlarga OTMlarga kirish imtihonlarida sertifikatdagi ballariga qarab proporsional ball beriladi? Masalan, chet tillaridan sertifikat egalariga kirish imtihonlarida maksimal ball beriladi.

Laziz Xo‘jaqulov: Agar abituriyent xohlasa, u yozgi OTMga kirish imtihonlarida ham qatnasha oladi. Ikkinchi masala. Men uylaymanki, bu (proporsional ball berilishi) to‘g‘ri, chunki chet elda OTMga kirayotganda talabni OTMlar o‘zlari qo‘yadi. Masalan, IELTS 6,5 yoki 7 bo‘lsin deydi. O‘ylab ko‘ring, misol uchun men (milliy test tizimida) 61 ball oldim va menga (OTMga kirishda) maksimall ball berilyapti, sherigim esa 90 ball oldi va unga ham maksimal ball berilyapti. Bu yerda ikkinchi abituriyent adolatsizlik deydi.

Sardor Rajabov: Umumta’lim fanlaridan milliy test tizimi maktab dasturidan chetga chiqmaydi. Chet tilidan B2 va undan yuqori darajadagi sertifikat egalariga OTMlarga kirish imtihonlarida maksimal ball beriladi. Davlat ta’lim standartiga ko‘ra esa maktab o‘quvchilari B1 daraja bilan bitirishadi. Shu sababli ham, ya’ni maktabda berilmagan bilimi borligi uchun chet tilida maksimal ball beriladi.

«Gazeta.uz»: 2018 yildagi 3775-sonli prezident qarorida umumta’lim fanlaridan SAT singari halqaro sertifikati bor abituriyentlarga OTMlarga kirish imtihonlarida shu fanlardan maksimal ball berilishi belgilangan edi. Shu qaror bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilgan?

Sardor Rajabov: Bu qaror ijrosi bo‘yicha Vazirlar mahkamasining 2019 yil 13 mayda 395-sonli qarori chiqqan. Bu qarorda bir nechta xalqaro sertifikatlarga maksimal ball berish ko‘zda tutilgan. Mutaxassislarning fikricha, SAT, GMAT testlari bizning standartlarga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun bu testlar qarorga kiritilmagan.

«Gazeta.uz»: Vazirlar mahkamasining 646-sonli qarorida umumta’lim fanlaridan milliy test tizimi doirasida testlar Davlat test markazi yoki nodavlat tashkilotlari tomonidan o‘tkazilishi mumkinligi belgilangan. Qaror ilovasida esa testlarni Davlat test markazi o‘tkazishi ko‘rsatilgan. Bu yerda qaror va uning ilovasi o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘qmi?

Sardor Rajabov: Hozir birinchi testlarni Davlat test markazi tashkil qilmoqda. Agar testlar nodavlat tashkilot tomonidan ham o‘tkazilishi belgilansa, albatta, u tashkilotga ham registratsiya uchun ochiladi.

Laziz Xo‘jaqulov: Hozirgi kunda O‘zbekistonda bu darajada testlarni tashkil qila oladigan nodavlat tashkiloti hali tuzilmagan. Shuning uchun ham nizomda (qaror ilovasida) o‘sha davrning aktualligidan kelib chiqqan holda Davlat test markazi ko‘rsatilgan. Ikkinchi muhim narsa — hech qaysi qaror dogma emas. Vaqtning talabiga qarab qarorga kerak bo‘lsa o‘zgartirish kiritiladi.