Samarqand va Saratov (Rossiya) shaharlari birodarlashgan aloqalarni o‘rnatish to‘g‘risida kelishuvni imzoladi. Hujjatni Samarqand hokimi Boburmirzo Oblaqulov va Saratov viloyati gubernatorining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Aleksey Nikitin imzoladi, deya xabar berdi STV telekanali.

Kelishuvga ko‘ra, shaharlar investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shaharlarning ta’lim tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarda hamkorlik qilishadi.

Saratov administratsiyasi saytida keltirilishicha, bugungi kunda Saratov viloyatida 3000 nafardan ortiq, Saratov shahrida esa 1100 nafardan ortiq o‘zbekistonlik istiqomat qiladi.

Shuningdek, shaharda «O‘zbekiston» o‘zbek milliy madaniy markazi, «So‘g‘diyona» o‘zbek madaniy markazi va «Turon» o‘zbek milliy madaniy markazi kabi jamoat tashkilotlari faoliyat yuritadi.