Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari har bir viloyat hokimi uy-joylarning tannarxini pasaytirish masalasida aniq hisob-kitobga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda Daryo nashri xabar bermoqda.

«Eng katta masala — bu uy-joylarning narxini adolatli shakllantirish. Bugungi narx-navodan odamlarimiz rozi emas va hokimlar buning ichiga kirmagani ham rost. Shuning uchun, viloyat va tuman hokimlari bir kvadrat metr uy narxini 4 million so‘mdan oshirmaslik uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi kerak», — deya qayd etdi prezident.

Davlat rahbari «har bir tuman, shahar va viloyat hokimi o‘z hududidagi qurilish ichiga kirib, qaysi qurilish materiallarini arzonroq va yaqinroqdan olish mumkin, sement va metall narxini qanday pasaytirsa bo‘ladi?», kabi savollarga javob topishi lozimligini qo‘shimcha qilgan.

«Hozirgi qurilish tannarxida temirbeton ishlari — 32 foiz, bo‘yoq va bezatish — 28 foiz, obodonlashtirish — 8 foiz, elektromontaj ishlari 5 foizni tashkil etadi. Misol uchun, „betonniy uzel“ qo‘yib, qurilish uchun betonni arzon va sifatli ta’minlash, bazalt izolyatsiyasi, gazobeton bloklarini joylarda ishlab chiqarish orqali tannarxni kamaytirish bo‘yicha qaysi hokim bosh qotiryapti? Har bir viloyat, tuman va shahar hokimi ikki hafta muddatda o‘z hududida quruvchilar, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar, banklarni yig‘ib, aniq kalkulyatsiyalarni ishlab chiqishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyeyov.

«O‘zstandart» agentligiga bir oy muddatda joylarga chiqib, har bir hududda gazobeton ishlab chiqaruvchilarni standartlarga o‘rgatib, mahsulotlarini sertifikatlash dasturini amalga oshirish bo‘yicha vazifa yuklatildi.

Qolaversa, viloyat hokimlariga bir oy muddatda uy-joylarni qurish uchun yer uchastkalarini infratuzilmaga tutash hududlardan ajratishga oid topshiriq berildi.