Yakshanba kuni «Humo Arena» muz saroyida «Zakovat» klubi a’zoligiga Toshkent shahri va viloyatidan ariza topshirganlar uchun intellektual kasting o‘tkazildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Zakovat» intellektual klubiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirganlar 13 mingdan ko‘proqni tashkil etmoqda. Shundan 11 ming 111 nafari yakka tartibda, qolgan 1 932 nafari esa 322 ta jamoa tarzida ro‘yxatdan o‘tgan. Tashkilotchilarning aytishicha, respublika bo‘yicha «Zakovat» turnirlari uchun jami 1 mlrd 690 mln so‘m ajratilgan.

Ushbu tadbir muhrlangan suratlar sharhlari bilan e’tiboringizga havola etiladi.

Bloger Aziza Qurbonova.

Blogerlar Xurshid Daliyev va Bahodir Ahmedov.

Bloger Nurbek Alimov.

«Zakovat» klubi a’zolari. Bloger Xushnudbek Xudayberdiyev suratga olayapti.

Sherzod Ikramutdin.

Kasting ishtirokchilari va tashkilotchilar hozir bo‘lishgach, tadbir boshlandi.


«Gazeta.uz» muxbirining aytishicha, tadbirning rasmiy qismi (video) ayrim jihatlari bilan «Illyuziya obmana» (Now You See Me) filmini eslatib yuboradi. Kinodagi kabi Zakovatning ilk kastingida ham to‘rt nafar boshlovchi (ulardan biri ayol kishi) sahnaga ko‘tarilishi, musiqiy chiqishlar (saundtrek) va boshqa bir qancha ko‘zga yaqqol tashlangan elementlar beixtiyor filmni eslatib yuboradi. Hattoki, boshlovchilarning kirish so‘zini ketma-ketlikda ijro etishi ham.

Shundan so‘ng, Milliy mass-mediani rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov nutq so‘zladi.

U 100 yil avvalni, ya’ni jadidlar davrini misol qilib keltirdi. Allamjonovning aytishicha, oradan 100 yil o‘tsa ham, holatda siljish yo‘q. «Tuzum, siyosat, davr o‘zgargan, dunyoqarash esa hali ham o‘sha-o‘sha», dedi u.

«Bugun oldingizda imkoniyat eshiklari yana lang ochildi! Ulardan samarali foydalanaylik. Aslida o‘zi, bugun shundoq ham kechga qolib bo‘ldik, ertaga esa yanada kech bo‘ladi. Vaqt bizga qarshi ishlayapti. Lekin hechdan ko‘ra, kech bo‘lsa ham, zudlik bilan oldinga qadam qo‘yaylik.

Men klubimizning har bir a’zosini olamga keng qarashga, ulkan maqsadlar qo‘yib, ular sari intilishga, o‘z ustida ishlashga, orzularini cheklamaslikka, hech qachon taslim bo‘lmaslikka va hech kimga, ilm yo‘lidagi shahdingizni so‘ndirmoqchi bo‘lgan hech kimga quloq solmaslikka chaqiraman. Har birimiz maydonda yakka-yolg‘iz qolgandan ko‘ra, bilim atrofida jipslashsak, birga bo‘lsak, katta natijalarga erishamiz", — dedi Zakovat klubi homiysi.

Komil Allamjonovdan keyin minbar qarshisiga uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ko‘tarildi.

Mirziyoyeva nutqi avvalida Qur’oni Karim oyatidan iqtibos keltirishi va so‘zi yakunida hadisni misol qilib keltirishini ko‘pchilik kutmagan edi.

«Bismilloxir raxmonir raxim. „Yarfa’illahullaziyna aamanuu minkum vallaziyna uutul ilma darojaat“. Ya’ni „Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur…“ — Mujodala surasi, 11-oyat», — deya so‘z boshladi Mirziyoyeva.

U Zakovat ayollar uchun ham omad tramplini ekanini aytdi.

«Zakovat klubi — erkaklar bilan teng ravishda ayollar uchun ham omad tramplini, intellektlarni birlashtiruvchi makon, mamlakatni oldinga yetaklaydigan kuchdir. Zakovat — bu bizning uchar gilamimiz, avtomobilimiz, samolyotimiz, raketamizdir. Biz esa imkonsiz narsa yo‘qligini biladigan sayyohlarmiz. O‘zimiz istagan manzilga parvoz qilib, gullar chaman ochilib yotgan zaminga albatta yetamiz» — deya ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.

Tadbirning rasmiy qismi Zakovat klubi uchun maxsus yaratilgan Shoxrux reper ijrosidagi kompozitsiya bilan yakunlandi.

Navbat kastingga kelgan yakka tartibdagi ishtirokchilarni guruhlarga ajratib olishga.

Tashkilotchilarning aytishicha, 30 ta test savollari va 10 mantiqiy savollarga ishtirokchilarning javobi orqali reyting tuziladi. Shunga ko‘ra, qatnashchilar guruhlarga ajratiladi. 6 mart kuni esa ular jamoaviy tartibda Zakovat klubining intellektual o‘yinlarida bevosita o‘z qobiliyat va bilimlarini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lishadi.

Klub a’zosi Xushnudbek Xudayberdiyevning so‘zlariga ko‘ra, «bu kastingdan hech kim yiqilmaydi». Kasting natijalariga muvofiq, yakka tartibda qatnashayotganlarning reytingi tuziladi. Shunga ko‘ra, ishtirokchilar 6 kishilik jamoalarga, reytingdagi ketma-ketlikka asoslanib, taqsimlanadi.



Dastlab, 30 savol o‘qib eshittirilgan bo‘lsa, unga javob berish uchun 20 soniyadan vaqt berildi. Undan keyin mantiqiy savollarni javobiga esa 30 soniyadan ajratildi.

Hushnudbek Xudayberdiyevning aytishicha, 2 kun muddatda javoblar o‘rganilib chiqiladi va shunga muvofiq, guruhlar tuziladi. Jamoa haqida ma’lumotlarni sayt oqali, maxsus ID yordamida bilib olish mumkin.


Yana bir jihat. Tashkilotchilar jamoalar tez muddatlarda bir-biri bilan tanishib olishi hamda kelgusidagi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ularning ma’lumotlari avtomatik tarzda guruhning har bir a’zosiga taqdim etiladi.


Toshkent shahri va viloyati o‘yinlari yutuq fondi esa 130 mln so‘mni tashkil etmoqda. Mablag‘lar breyn-ring tanlovlari asosida g‘olib jamoalarga taqdim etiladi.

Shu kuni yakka tartibda ishtirok etayotganlar o‘z bilimini namoyon etish maqsadida savollarga javob berishgan bo‘lsa, jamoasi allaqachon shakllanib bo‘lganlar esa o‘yinlar oldidan chigalyozdi qilib olishdi.


Javob varaqalari volontyorlar tomonidan yig‘ib olindi.

Savol-javob jarayonlari to‘liq yakuniga yetgach, tashrif buyurganlar uchun konsert dasturi taqdim etildi.

Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Quyida «Zakovat» klubining Toshkent shahri va viloyati uchun intellektual kastingida e’lon qilingan savollar va ularning javoblarini e’tiboringizga havola etamiz.