Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Sergey Lavrov «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarishni O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganilayotganligini aytdi.

Lavrovning aytishicha, vaksina O‘zbekistonda tezlashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Lekin, Farmatsevtika agentligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, «Sputnik V» vaksinasi faqat sertifikatsiyadan o‘tgan. Sertifikatsiya qilish jarayoni har bir olib kiriladigan partiya uchun amalga oshiriladi.

Vaksinani ommaviy qo‘llash jarayoniga 17 fevral kuni ruxsat berilgan edi.

Farmatsevtika agentligi 1 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ilk vaksina sifatida xitoy-o‘zbek vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqida xabar bergan edi.