Bahor faslining birinchi kunida O‘zbekiston hududi bo‘yicha kam bulutli va quruq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati 13−18° iliq bo‘ladi, bu me’yordan 2−4° ga yuqoridir, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Ertaga respublika hududlari bo‘yicha kun davomida havo bulutli bo‘lishi kutilmoqda. Buning hisobiga havo harorati kunduz kunlari biroz pasayadi va 10−15°iliqni tashkil etadi, ammo ob-havo hali ham yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi saqlanib turadi.

3 martda respublika hududlariga Eron hududlaridan nam havo massalari kirib keladi, ko‘pchilik viloyatlarda biroz yomg‘ir yog‘adi, faqat Buxoro va Navoiy viloyatlarida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Shimoliy hududlarga Kavkaz hududlaridan sovuq havo massalari kirib keladi va Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida kechasi va ertalab 3 martda biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi kuzatiladi.

4−5 martda O‘zbekiston hududiga yana nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi, buning natijasida barcha joylarda yomg‘ir yog‘adi, shimolda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, tog‘li hududlarda 4 martdan 5 martga o‘tar kechasi ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin.

5 martda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi.

Havo harorati 3−5 martda kechasi 0−5° iliq, kunduz kuni 10−15° iliq atrofida bo‘ladi, 5 martda 8−11° iliqgacha biroz pasayadi.

1−5 martda O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi, deya ogohlantirdi O‘zgidromet.