Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev xalq ta’limi Sherzod Shermatovning maktab direktorlarini o‘quvchilari OTMga kira olmaganligi uchun vazifasidan ozod etilishi haqidagi javobiga o‘z munosabatini bildirdi.

Sherzod Shermatov bunday pozitsiya «populizm» ekanligini aytib, deputatga mazkur masala bo‘yicha murojaat qilganida, bog‘lana olmaganligini ma’lum qilgan edi.

«Xalq ta’limi vaziriga hurmatim baland va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Chunki ular xorijning nufuzli ta’lim dargohlarida ta’lim olgan, dunyoqarashi keng, bilimli va afsuski kam sonli ziyolilarimizdan. Sog‘ligim bilan bog‘liq muammolar tufayli telefon orqali muloqot qilishni cheklagan vaqtlarim meni qidirgan ekanlar, buning uchun uzr. Albatta hali muloqot qilishga ulguramiz, degan umiddaman», — dedi deputat.

Rasul Kusherbayev maktab direktorlarining ushbu sabab bilan ishdan olinishi qonun tomonidan noto‘g‘ri ekanligini yana bir bor ta’kidlab o‘tdi.

«Men oliy ta’lim muassasasiga bitiruvchilari kira olmaganligi uchun maktab rahbarlarining ishdan bo‘shatilishini qonunlar shu jumladan, Mehnat kodeksi talablariga to‘g‘ri kelmasligini, bu noto‘g‘ri strategiya ekani va bu sabab bilan ishdan ketganlar bo‘lsa sud orqali muammoni hal qilishi mumkinligini bir intervyuda aytib o‘tgandim. Men qonun ustuvor bo‘lishini istayman xolos, o‘lay agar boshqa maqsadim yo‘q. To‘g‘risi, bu sabab bilan ishdan ketgan birorta maktab direktoriniyam tanimayman», — deya ta’kidladi u.

«Biroq hurmatli vazirimiz meni buning uchun populizm va qator va hokazo masalalarda ayblabdilar. Agar demokratik davlatlar qatori qonun ustuvorligini ta’minlash va muammoni sud orqali hal qilish populizm bo‘lsa unda men emas avvalo qonunlar va Mehnat kodeksi bosh populist bo‘lib qolmaydimi? Men „tut prichem“ agar qonunlar shunday va kamiga sud, degan hokimiyatimiz bo‘lsa», — deb qayd etdi Rasul Kusherbayev.

Deputat sud orqali o‘z shanini himoya qilish demokratik jamiyatga xos ekanligini ta’kidladi.

«Yaqinda demokratik jamiyatlar qatori o‘z sha’nini qonunlarga asosan sud orqali himoya qilishga harakat qilgan Xalq ta’limi vazirligi va ilg‘or xorij ta’lim dargohi bitiruvchisi, demokrat vazirimiz buni yaxshi bilsalar kerak. Faqat biror marta deputat, o‘qituvchi, maktab direktori bo‘lib ko‘rmagan ayrimlarning deputatlarni dushman, deb qarash fikri ba’zan insonni sal chalg‘itadi: kim bo‘libdi o‘zi bu deputatlar?» — deb aytdi u.

Shu bilan birga, Rasul Kusherbayev xato o‘ylayotgan va fikrlayotgan bo‘lsa vazir va butun vazirlik tizimidan, agar ishchanlik obro‘siga putur yetib qolgan bo‘lsa minglab o‘qituvchilardan uzr so‘rashini ma’lum qildi. «Buning uchun sudni ovora qilib o‘tirmaylik», — deya aytib o‘tdi u.

«Biroq baribir ta’limmi, sog‘liqni saqlashmi, huquqni muxofaza qilishmi qo‘yingki barcha sohada avvalo qonunlarga so‘zsiz rioya qilish, inson huquqlarini ta’minlashni bosh maqsadga aylantirishga amalda to‘liq erishmas ekanmiz biz yana ko‘p yillar orqada qolishimiz mumkin, degan fikrimdan qaytmayman. Shuningdek, intervyuda oliy ta’limga o‘quvchisi kira olmaganligi uchun maktab direktorlarini ishdan bo‘shatish Mehnat kodeksi va boshqa qonun talablariga zid, bu noto‘g‘ri strategiya ekanligi to‘g‘risidagi fikrlarim asossiz bo‘lsa, bunga ham istagan vaqtda raddiya berishga tayyorman. Faqat asoslab berilsa yoki qonunlar o‘zgartirilsa bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qildi deputat.