Shaxsni ushlash jarayoni qanday o‘tishi kerak? Ushlab turilgan shaxsning qanday huquqlari bor? Unga nisbatan jismoniy kuch qo‘llanilishi mumkinmi? Shaxs qancha muddatga ushlab turilishi mumkin? O‘z haq-huquqlarini bilish ularning buzilishidan saqlanishga yordam beradi.

Dastlab, ushlab turish nima ekanligiga aniqlik kiritamiz. Ushlab turish ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishga barham berish maqsadida qo‘llaniladi. Shunga ko‘ra, ushlab turishning ikki turi mavjud: ma’muriy ushlab turish va jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turish.

Bundan tashqari, IIO xodimlari shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan kishining shaxsini aniqlash maqsadida ichki ishlar organlariga borishini so‘rashlari mumkin.

Huquqiy terminologiyani tushunish qiyin bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, biz professional huquqshunos Xushnudbek & Partners yuridik firmasining hamkori Diyorbek Kimsanovdan ushlab turish jarayonida huquqlar buzilishining oldini olish to‘g‘risida so‘zlab berishni so‘radik.

Shaxsni ushlab turish jarayonining qonuniy asoslari va huquqiy normalari to‘g‘risida batafsilroq ma’lumot “Ma'muriy yo‘l bilan ushlab turish” va “Jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi shaxsni ushlab turish” bo‘limlarida keltirilgan.

Ushlab turish jarayoni to‘g‘risida nimalarni bilish lozim?

Diyorbek Kimsanov oddiy odam uchun protsessual qonunchilikni tushunish haqiqatan ham qiyinligini tan oladi.

Istisnosiz barcha holatlarda birinchi qoida, bu — qonun talablariga rioya qilishdir. Qarshilik ko‘rsatmaslik lozim, ammo shu bilan birga, masalani “norasmiy” yo‘l bilan yechish bo‘yicha takliflar kabi ehtimoliy provokatsiyalarga tushib qolmaslik kerak.

Mansabdor shaxsdan hujjatlarni taqdim etishini so‘rang, ismini, familiyasini va lavozimini (hujjat raqami, nishoni) yozib oling yoki eslab qolishga harakat qiling. Odatda hujjatlar va nishonlarni suratga olishga ruxsat berilmaydi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri savol bilan aniqlik kiriting: sizni ushlashdimi va ushlab turish (to‘xtatish, murojaat qilish, tintuv qilish va h.k.) uchun qanday asoslar mavjud. Agar ushlab turish tasdiqlansa, huquqbuzarlik, ushlab turish, ko‘zdan kechirish va h.k.lar haqida bayonnomalarni tuzish jarayonida advokatning ishtirokini talab qilish lozim.

Agar ushlab turish ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish uchun amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bayonnomani nima uchun joyida tuzishning iloji yo‘qligi sababiga oydinlik kiritishni so‘rash mumkin.

Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ushlab turish yoki IIOga olib borish asoslarini muhokama qilish ba’zi hollarda foydasiz bo‘lishi mumkin. Qonunda belgilangan ushlab turish muddati tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organga chaqirtirilgan paytdan boshlab hisoblab chiqilishini inobatga olsak, bunday tortishuv asossiz kechiktirishga olib keladi. Yaxshisi qarindoshlaringizga xabar berishni iltimos qiling yoki ularga o‘zingiz qo‘ng‘iroq qiling, qayerga olib borilayotganingizni ayting va advokat yollashni so‘rang.

Agar siz aniq bir qonunbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan bo‘lsangiz, sabr qiling va sukut saqlang, mansabdor shaxslarga tushuntirishlar bermang yoki advokatingiz kelguniga qadar hujjatlarni imzolamang. Siz o‘zingizga qarshi guvohlik berishga majbur emassiz.

Qonunda beriladigan ko‘rsatmalarning hajmi va muddatida cheklovlar yo‘qligi bois siz barcha mavjud dalillardan foydalanib, vaziyatni batafsil tavsiflashingiz mumkin. Bundan tashqari, qonun sizning yaqinlaringiz yoki sizga hamroh bo‘lgan boshqa odamlarning sizning foydangizga guvohlik berishini cheklamaydi. Shunday qilib, siz ularni guvohlik bayonnomasini to‘ldirishga jalb qilishingiz mumkin.

Siz o‘z ona tilingizda guvohlik va tushuntirish berish huquqiga egasiz, shuningdek, tarjimonning yordamidan bepul foydalanishingiz mumkin (va hatto kerak bo‘lsa, uni rad qilishingiz mumkin). Siz gapiradigan tilda barcha og‘zaki va yozma guvohliklar berilishi, hujjatlar shu tilda rasmiylashtirilishi yoki tashqi manbadagi tarjimon tomonidan tarjima qilinishi lozim. Siz, shuningdek, lotin (yoki kirill) yozuvida matnni o‘qiy olmasligingizni ham ko‘rsatishingiz mumkin.

Tushuntirishlar berish va bayonnomani to‘ldirish — sizning huquqingizdir. Siz har qanday tushuntirish berishdan bosh tortish huquqiga egasiz. Shunga qaramay, bayonnomani imzolash tavsiya etiladi, chunki mansabdor shaxs sizning rad etishingizni ko‘rsatgan holda xolislar bilan bayonnomani rasmiylashtirishi mumkin. Agar siz bayonnomani to‘ldirmagan bo‘lsangiz yoki bo‘sh joy qoldirgan bo‘lsangiz, bo‘shliqni chiziq (Z) bilan to‘ldiring.

Albatta, bayonnomada ushlanish vaqtini ko‘rsating va advokat ishtirokida ishni ko‘rib chiqish to‘g‘risida rasmiy iltimosnoma bering. Biror nimani imzolashdan oldin, hujjatning mazmuni bilan tanishib chiqing va sizga huquq va majburiyatlar tushuntirilmagan bo‘lsa, shuningdek, noroziliklarni ko‘rsating. Shunday qilib, siz mansabdor shaxsni ma’muriy ish bo‘yicha qaror qabul qilishiga to‘sqinlik qilib, barcha hujjatlarni sudga topshirishga majbur qilasiz, chunki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245-moddasiga muvofiq, huquqbuzar huquqbuzarlik faktini inkor etgan ishlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Bayonnoma nusxasini olish huquqi (hozircha) qonunchilikda ko‘zda tutilmagan, ammo bu hujjatni kameraga rasmga olishga to‘sqinlik qilmaydi.

Imkon boricha qonunda yoki ushlab turishni amalga oshiruvchi organning mahalliy harakatlarida yoki boshqa protsessual harakatlarda aniq taqiqlanmagunga qadar jarayonni diktofonga yoki mobil telefoningiz kamerasiga yozib boring. Agar bunga to‘sqinlik qilinsa, bu haqda bayonnomada qayd eting.

Har doim o‘z advokatingizni jalb qiling. Davlat tomonidan taqdim etilgan advokat xizmatidan voz kechishga haqqingiz bor (qonunda mansabdor shaxsdan advokat ishtirok etishi talab qilinadigan holatlar ko‘zda tutilgan) yoki undan boshqa advokatni yollash uchun iltimosingizni qarindoshlarga yetkazishni so‘rang.

Shuningdek, sizning yashash joyingizdan kelib chiqib, ishni ko‘rib chiqish uchun rasmiy iltimosnoma berish mumkin. Huquqbuzarliklarning ayrim turlari, masalan, transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi huquqbuzarliklarning aksariyati transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish joyida ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Agar siz mansabdor shaxsning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lsangiz yoki u o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilmoqda deb taxmin qilish uchun asoslar bo‘lsa, shu joyning o‘zida uning harakatlaridan noroziligingizni ma’lum ishonch telefonlari (102, 1007, 1000 va boshqalar)ga qo‘ng‘iroq qilib, bildirishingiz mumkin. Shuningdek, siz hozircha ushlab turilmaganingiz va huquqlaringiz cheklanmaganligi bois o‘zingiz bilgan huquqshunosga qo‘ng‘iroq qilishingiz va u bilan maslahatlashishingiz mumkin.

Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish

MJtKning 285-moddasiga binoan ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish quyidagi hollarda qo‘llaniladi:

  • boshqa ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanib bo‘linganidan keyin ma’muriy huquqbuzarlikni to‘xtatish maqsadida;
  • shaxsni aniqlash uchun;
  • basharti bayonnoma tuzish zarur bo‘lib, uni huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida tuzish imkoni bo‘lmagan taqdirda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish uchun;
  • ishlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri ko‘rib chiqilishini ta’minlash va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan chiqarilgan qarorlarni ijro etish maqsadida.

Shaxsni qancha muddat ushlab turish mumkin?

MJtKning 288-moddasiga binoan, ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish uch soatdan ortiq davom etishi mumkin emas, alohida zarurat munosabati bilan qonun hujjatlarida boshqacha muddatlarning belgilanishi bundan mustasno. Agar shaxs o‘zining shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirsa yoki MJtKning 288-moddasida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarliklardan birini sodir etgan bo‘lsa, u holda 24 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga ushlab turilishi mumkin.

Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish muddati huquqbuzarni bayonnoma tuzish uchun olib kelish paytidan boshlanadi, mast holdagi shaxslar uchun esa — ular hushyor tortgan vaqtdan boshlanadi.

Ma’muriy ushlab turish kim tomonidan amalga oshirilishi mumkin?

MJtKning 287-moddasiga binoan, agar kamida bitta asos bo‘lsa, ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish:

  • ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan;
  • chegara qo‘shinlari tomonidan;
  • qo‘riqlanadigan ob’ekt joylashgan yerdagi harbiy soqchilikning katta mansabdor shaxsi tomonidan;
  • harbiy avtomobil inspeksiyasining mansabdor shaxslari tomonidan;
  • Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlarining mansabdor shaxslari tomonidan;
  • bojxona organlari xodimlari tomonidan;
  • harbiy patrul tomonidan;
  • davlat soliq organlarining, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi bo‘linmalarining mansabdor shaxslari tomonidan;
  • Milliy gvardiya organlarining mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Shaxs tegishli organ tomonidan qaysi ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etganida ushlab turilishi mumkinligi bilan MJtKning 287-moddasida tanishish mumkin.

Ushlash jarayonida ko‘rikdan o‘tkazish tartibi

Ma’muriy yo‘l bilan ushlab turishda MJtKning 289-moddasiga binoan shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish va ashyolarni ko‘zdan kechirish mumkin.

Shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish ichki ishlar organlarining, harbiy soqchilik, havo transportining, bojxona organlari, Milliy gvardiya organlari va chegara qo‘shinlarining vakolatli shaxslari, shuningdek, shunga vakolati bo‘lgan boshqa organlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Shaxsni ko‘rikdan o‘tkazish ko‘rikdan o‘tkazilayotgan shaxs bilan bir jinsda bo‘lgan shaxslar tomonidan va shu jinsdagi ikkita xolis guvoh ishtirok etgan holda amalga oshirilishi mumkin.

Ashyolarni ko‘zdan kechirib chiqish shunga vakolati bo‘lgan mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin:

  • ichki ishlar organlari;
  • harbiy soqchilik;
  • havo transporti;
  • bojxona organlari;
  • Milliy gvardiya organlari;
  • chegara qo‘shinlari;
  • soliq organlari;
  • Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi bo‘linmalari;
  • Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlari;
  • qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatli shaxslar.

Ashyolarni, ov qilish va baliq tutish qurollarini, qo‘lga kiritilgan mahsulotlar va boshqa buyumlarni ko‘zdan kechirish, odatda, shu ashyo va buyumlar kimning mulki yoki egaligida bo‘lsa, o‘sha shaxs ishtirokida amalga oshiriladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda, mazkur ashyolar, buyumlarni mulkdorsiz (egasisiz) ikkita xolis guvoh ishtirokida ham ko‘zdan kechirib chiqilishi mumkin.

Ushlash jarayonida ashyolar va hujjatlarni olib qo‘yish tartibi

Huquqbuzarlarni ushlash, shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish yoki ashyolarini ko‘zdan kechirish vaqtida aniqlangan huquqbuzarlik sodir etish quroli yoki bevosita shunday ashyolar bo‘lmish ashyo va hujjatlar MJtKning 287 va 289-moddalarida nazarda tutilgan organlarning mansabdor shaxslari tomonidan olib qo‘yiladi.

Olib qo‘yilgan ashyo va hujjatlar ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilgunga qadar shunday ashyo va hujjatlarni olib qo‘yish huquqi berilgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan belgilab beriladigan joylarda saqlanadi, ish ko‘rib bo‘linganidan keyin esa, uni ko‘rib chiqish natijalariga qarab, bu ashyo va hujjatlar belgilangan tartibda musodara qilinadi yoki egasiga qaytarib beriladi yoxud yo‘q qilib yuboriladi, ashyolar haq to‘lab olib qo‘yilgan taqdirda esa — sotib yuboriladi.

Olib qo‘yilgan orden, medal, faxriy unvonning ko‘krakka taqiladigan nishoni qonuniy egasiga qaytarib beriladi, basharti, egasi noma’lum bo‘lsa, unda tegishli organga jo‘natiladi.

Ashyo va hujjatlar olib qo‘yilgan taqdirda bu xususda bayonnoma tuziladi yoki ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomaga yoxud buyumlarni ko‘zdan kechirib chiqish yoki ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish haqidagi bayonnomalarga tegishli yozuv yozib qo‘yiladi.

Ushlab turilgan shaxs qanday huquqlarga ega?

MJtKning 286-moddasiga binoan, ushlab turilgan shaxsning iltimosiga ko‘ra, u ushlab turilgan joy haqida uning qarindosh-urug‘lari, advokat, ish yoki o‘qish joyidagi ma’muriyat xabardor qilib qo‘yilishi mumkin.

Voyaga yetmagan shaxs ushlab turilgani haqida uning ota-onasi yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslar albatta xabardor qilinadi.

Ushlab turilgan shaxs ushlab turish to‘g‘risidagi bayonnomani imzolashdan bosh tortishi mumkin.

MjtKning 273-moddasiga binoan, agar ushlab turilgan shaxs ish ko‘rib chiqilayotgan tilni bilmasa, tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘liq tanishish va ishni mohiyati bo‘yicha ko‘rib chiqish chog‘ida qatnashish huquqi, shuningdek o‘z ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.

Ushlab turish bayonnomasini tuzish

MJtKning 286-moddasida: “Ma'muriy yo‘l bilan ushlab turish to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, unda: bayonnoma tuzilgan sana va joy, bayonnoma tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi; ushlab turilgan shaxs haqidagi ma’lumotlar; uni ushlab turish vaqti, joyi va uning asoslari ko‘rsatiladi” deyilgan.

Bayonnoma uni tuzgan mansabdor shaxs va ushlab turilgan shaxs tomonidan imzolanadi. Ushlab turilgan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, bayonnomaga shu haqda yozib qo‘yiladi.

Ushlangan shaxs ushlab turish bo‘yicha talablarga rioya qilmasa nima bo‘ladi?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasiga binoan, agar shaxs ichki ishlar organlari xodimining huquqbuzarliklarni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, ichki ishlar organlariga borish yoki ko‘rsatilgan muddatda ichki ishlar organlarida bo‘lish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmasa, bazaviy hisoblash miqdorining (BHMning) ½ qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida bir shaxs tomonidan takror sodir etilsa, BHMning ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi shaxsni ushlab turish

Jinoyat-protsessual kodeksining (JPK) 220-moddasiga binoan, qisqa muddatga ozodlikdan mahrum qilish jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi. Gumon qilinayotgan shaxs uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida ushlab turiladi.

Agar JPKning 221-moddasida ko‘rsatilgan quyidagi asoslardan kamida bittasi bo‘lsa, shaxs jinoyatda gumon qilinuvchi sifatida ushlab turilishi mumkin:

  • agar u jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qo‘lga tushsa;
  • agar jinoyat shohidlari, shu jumladan jabrlanuvchilar uni jinoyat sodir etgan shaxs tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatsalar;
  • agar uning o‘zida yoki kiyimida, yonida yoki uyida sodir etilgan jinoyatning yaqqol izlari topilsa;
  • shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilish uchun asos bo‘ladigan ma’lumotlar mavjud bo‘lib, u qochmoqchi bo‘lsa yoki doimiy yashaydigan joyi yo‘q yoxud shaxsi aniqlanmagan bo‘lsa.

“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasiga binoan Ichki ishlar organlari xodimlari quyidagi shaxslarni ushlash huquqiga ega:

  • JPKda nazarda tutilgan tartibda jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni;
  • sud ajrimiga asosan keyinchalik aniq yashash joyiga ega bo‘lmaganlarni reabilitatsiya qilish markazlariga joylashtirgan holda aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni;
  • favqulodda holat yoki favqulodda vaziyat rejimini buzgan shaxslarni;
  • umumiy harbiy majburiyatni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni;
  • qo‘riqlanadigan ob’ektlarga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan yoki kirishga uringan shaxslarni;
  • o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslarni;
  • qidiruvdagi shaxslarni;
  • o‘ziga nisbatan ushlab berish to‘g‘risida so‘rov kelib tushgan shaxslarni;
  • ma’muriy qamoq jazosini o‘tashdan, ma’muriy tarzda chiqarib yuborilishdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni, shuningdek o‘ziga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ish yuritilayotgan shaxslarni;
  • jinoiy jazoni o‘tashdan, shuningdek o‘ziga nisbatan sud tomonidan tayinlangan tibbiy va boshqa yo‘sindagi majburlov choralarini bajarishdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni;
  • o‘zini o‘zi o‘ldirishga uringan yoxud ruhiy holatining yaqqol ifodalangan buzilishi belgilariga ega bo‘lgan hamda o‘z harakatlari bilan o‘zi va atrofdagilar uchun xavf tug‘dirayotgan shaxslarni.

Shu bilan birga, deputatlar, Oliy Majlis Senati a’zolari, ombudsman va biznes-ombudsman, sudyalar va prokurorlar ushlab turilishi mumkin emas, chunki ular JPKning 223-moddasiga binoan ushlash chog‘ida immunitet huquqiga ega. Ushbu shaxslar jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qo‘lga tushgan holatlar bundan istisno.

“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasiga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan voyaga yetmagan shaxs ushlab turilgan bo‘lsa, uning yaqin qarindoshlariga yoki boshqa qonuniy vakillariga darhol xabar berilishi kerak.

Shaxs qancha muddatga ushlab turilishi mumkin?

JPKning 226-moddasida ko‘rsatilganidek, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxsni ushlab turish muddati gumon qilinuvchi IIOga yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga olib borilgan paytdan boshlab 48 soatdan ошмаслиги kerak.

Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilsa, ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin.

Ushlab turish muddati tugashidan oldin, agar asoslar bo‘lsa, ushlab turilgan shaxsni ishda ayblanuvchi sifatida ishtirok etish uchun olib kelish, unga ayblov qo‘yilishi kerak, u so‘roq qilinishi kerak (JPKning 109−112-moddasi) va jazo chorasi borasida qaror berilishi lozim (JPKning 236−240-moddalari).

Istisno holatlarda sud ushlab turilgan gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish, uy qamog‘ida saqlash yoki garov puli tarzidagi jazo choralarini qo‘llashi mumkin. Bunda, gumon qilinuvchiga uшланgaн kundan boshlab 10 kun ichida ayblov qo‘yilishi kerak.

Aks holda, jazo chorasi bekor qilinadi va shaxs qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod qilinadi va garov puli garov to‘lovchiga qaytariladi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan so‘ng va qamoqqa olishning butun muddati davomida ish olib boruvchi surishtiruvchi va tergovchi o‘z vakolatlari doirasida jinoyat sodir etish holatlarini aniqlash, hibsga olish asosini tekshirish uchun tergov harakatlarini amalga oshirishi mumkin.

Shaxsni ushlash jarayonini amalga oshirishga kim haqli?

JPKning 222-moddasiga binoan jinoyatni sodir etishda gumon qilinganlarni ushlash ichki ishlar organlari xodimlari va tergovga qadar qadar tekshiruvni, surishtiruvni yoki dastlabki tergovni amalga oshiruvchi boshqa organning xodimi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

JPKning38 va 39−1-moddalariga muvofiq, ularga quyidagilar kiradi:

Bundan tashqari, JPKning 222-moddasi qoidalariga muvofiq, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxs asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda muomalaga layoqatli har qanday shaxs tomonidan ushlanib va yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinishi mumkin.

Fuqarolik kodeksining 22-moddasiga binoan, Fuqaroning o‘z harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega bo‘lish va ularni amalga oshirish, o‘zi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati (muomala layoqati) u voyaga yetgach, ya’ni o‘n sakkiz yoshga to‘lgach to‘la hajmda vujudga keladi. Agar shaxs voyaga yetgunga qadar qonuniy asosda nikohdan o‘tsa, nikohdan o‘tgan vaqtdan e’tiboran to‘la hajmda muomala layoqatiga ega bo‘ladi.

Shaxsni ushlash va shaxsiy tintuv o‘tkazish tartibi

JPKning 224-moddasiga ko‘rsatilganidek, shaxsni ushlayotgan vakolatli xodim o‘zini tanishtirishi (lavozimi, unvoni va ismi-sharifini) shart va ushlab turilgan shaxsning talabiga ko‘ra shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi shart.

So‘ng xodim gumon qilinuvchiga ushlanish sababini aytishi kerak. Keyin uning huquqlari borasida tushuntirish beradi (ushlangan shaxs qanday huquqlarga egaligini quyida kўриш mumkin).

Keyin ushlab turilgan shaxsdan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilinishi shart.

JPKning 224-moddasiga binoan, ushlayotgan vakolatli shaxs shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yishni amalga oshirishga haqlidir. Buning uchun unda gumonlanuvchida qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud bo‘lishi kerak. Shaxsiy tintuv o‘tkazish yoki olib qo‘yish to‘g‘risidagi bayonnoma ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng xolislar hozirligida tuzilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, olib qo‘yish — bu jinoiy ish uchun ahamiyatli bo‘lgan predmet va hujjatlarni olishdir.

JPKning 162-moddasiga binoan, shaxsiy tintuv hamda narsa va hujjatlarni olib qo‘yish tintilayotgan shaxs bilan bir jinsdagi mutaxassis hamda xolislar ishtirokida o‘tkazilishi mumkin.

Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror gumon qilinuvchiнинг ushlab turilgan joyi to‘g‘risida darhol oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek bu haqda ish yoxud o‘qish joyiga ma’lum qilishi shart.

Ushlab turilgan shaxs qanday huquqlarga ega?

JPKning 224-moddasiga binoan ushlab turilgan shaxs advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon qilish yoki xabar berish huquqiga ega.

Ushlab turilgan shaxs u nimada gumonlanayotganini bilishga haqli. Unga u bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi bildirilishi shart.

Ushlab turilgan shaxsga himoyachiga ega bo‘lish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish huquqi kafolatlangan, bundan tashqari, u, shuningdek, o‘zining himoyalanish huquqini shaxsan o‘zi amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, ko‘rsatuv berishdan bosh tortish ham mumkin.

JPKning 49-moddasiga binoan, himoyachining ishda ishtirok etishiga jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligiga bo‘lgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ruxsat etiladi.

Agar ushlangan shaxs ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarli darajada bilmasa, u holda uning huquqlari birinchi so‘roqdan oldin tarjimon ishtirokida tushuntirilishi kerak.

JPKning 48-moddasiga binoan, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxs ushlanganidan keyin yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay so‘roq qilinishini talab qilish haqqi bor.

IIO xodimlari shaxsni ushlash jarayonida jismoniy kuch ishlata oladimi?

“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonunning 21 va 22-moddalariga binoan IIO xodimi agar kuch ishlatilmaydigan usullar ichki ishlar organi xodimining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlamasa, shaxsan o‘zi yoki bo‘linma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan kurashning jang usullarini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi.

Jismoniy kuch quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin:

  • jinoyatlarga va ma’muriy huquqbuzarliklarga chek qo‘yish uchun;
  • jinoyatlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni eng yaqindagi ichki ishlar organiga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish va bu shaxslarni ushlab turish uchun;
  • ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun.

Shu bilan birga, IIO xodimi gumonlanuvchini jismoniy kuch ishlatilish niyati to‘g‘risida aniq ifodalangan holda ogohlantirishi kerak. Ushbu ogohlantirishning imkoni bo‘lmagan yoxud ularning qo‘llanilishini kechiktirish fuqarolarning va ichki ishlar organi xodimining hayoti va sog‘lig‘iga bevosita xavf tug‘diradigan hamda boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar bundan mustasno.

Ichki ishlar organi xodimi har qanday zararni minimallashtirishga harakat qilishi shart.

Shaxsni ushlash jarayonida qanday maxsus vositalardan foydalanish mumkin?

“Ichki ishlar to‘g‘risida"gi qonunning 23-moddasiga binoan, ichki ishlar xodimi bir qator hollarda, shu jumladan yashirinishga urinayotgan yoki qurolli qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxsni ushlashda maxsus vositalardan foydalanish huquqiga ega.

Gumon qilinuvchini ushlash jarayonida IIO xodimlari quyidagi maxsus vositalardan foydalanish huquqiga ega:

  • rezina tayoqlar — shu bilan birga qonun insonga rezina tayoqlar bilan boshdan, bo‘yindan, o‘mrov sohasidan, qorindan, jinsiy a’zolardan, yurak sohasidan zarb berishni taqiqlaydi.
  • ko‘zdan yosh oqizuvchi moddalar, gazli, shikastlantiruvchi qurol;
  • qo‘lkishanlar yoki boshqa bog‘lash vositalari;
  • elektroshok qurilmalari;
  • xizmat hayvonlari;
  • tinchlantirish ko‘ylagi ;
  • to‘siq-g‘ovlarni bartaraf etuvchi vositalar.

Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan maxsus vositalarni qo‘llash mumkin. Bundan ularning qurolli qarshilik ko‘rsatganligi yoki fuqarolarning yoxud ichki ishlar organi xodimining hayoti va sog‘lig‘iga haqiqatda tahdid etib, guruh bo‘lib hujum qilganligi hollari mustasno.

Bundan tashqari, kuch ishlatmasdan, jamoat tartibini, transport, aloqa vositalari va tashkilotlarning ishini buzmasdan o‘tkazilayotgan g‘ayriqonuniy yig‘ilishlar, mitinglar, namoyishlar, ommaviy chiqishlar va piket qo‘yishlarni bartaraf etish chog‘ida maxsus vositalarning, shu jumladan gazli hamda shikastlantiruvchi qurolning qo‘llanilishi taqiqlanadi.

Maxsus vositalarning qo‘llanilishi uchinchi shaxslarning hayoti, sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligi va mol-mulkiga zarar yetkazmasligi kerak.

Qaysi holatlarda o‘qotar quroldan foydalanish mumkin?

Ichki ishlar to‘g‘risidagi qonunning 24-moddasida IIO xodimi faqat quyidagi hollarda o‘qotar quroldan foydalanish huquqiga ega deyilgan:

  • o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etish chog‘ida ko‘rib qolingan va yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda, agar boshqa vositalar bilan bu shaxsni ushlash imkoni bo‘lmasa;
  • qurolli qarshilik ko‘rsatayotgan shaxsni, shuningdek yonidagi qurolni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalarni, portlatish qurilmalarini, zaharli yoki radioaktiv moddalarni topshirish to‘g‘risidagi qonuniy talabni bajarishni rad etayotgan shaxsni ushlashda;
  • jinoyat sodir etishda gumon qilinib ushlab turilgan shaxslarning, o‘ziga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning qamoqdan qochib ketishiga chek qo‘yishda, shuningdek ushbu shaxslarni kuch ishlatib ozod qilishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yishda.

Ichki ishlar organining xodimi o‘qotar qurolni qo‘llashdan oldin ogohlantirishi shart, bundan uning hayotiga yoki fuqarolarning hayotiga bevosita xavf tahdid solayotgan hollar mustasno.

Qonunda ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan, maxsus vositalarning, shu jumladan gazli hamda shikastlantiruvchi qurolning qo‘llanilishi taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik ko‘rsatganligi yoki fuqarolarning yoxud ichki ishlar organi xodimining hayoti va sog‘lig‘iga haqiqatda tahdid etib, guruh bo‘lib hujum qilganligi hollari mustasno.

O‘qotar qurol qo‘llanilishi natijasida tasodifiy shaxslar jabrlanishi mumkin bo‘lsa, ichki ishlar organi xodimi ko‘p fuqarolar to‘planganda uni qo‘llash huquqiga ega emas.

Ushbu qonunning 21-moddasiga ko‘ra, jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar yoki o‘qotar qurol qo‘llanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga birinchi yordam ko‘rsatilishi, shuningdek imkon qadar qisqa vaqt ichida tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilishi, ularning qarindoshlari esa yigirma to‘rt soat ichida bu haqda xabardor qilinishi kerak.

Psixologik (ruhiy) bosim o‘tkazilishi mumkinmi?

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 5-moddasida hech kim qiynoqqa solinmasligi yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala yoki jazoga duchor qilinmasligi kerak deb aytilgan. 1995 yilda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning 1-moddasiga binoan, odamga ma’lumot olish yoki jazo qo‘llash uchun axloqiy yoki jismoniy azob berish qiynoqqa solish deb hisoblanishi mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 30 noyabrdagi farmoniga binoan, jinoyat ishini ko‘rib chiqayotganda, qiynoq, psixologik va jismoniy bosim va boshqa jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatlarni qo‘llash orqali olingan ma’lumotlar dalil sifatida qabul qilinmaydi.

Shaxsni ushlash jarayonini videoyozuv bilan qayd etish

2020 yil may oyida qabul qilingan Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunga binoan ushlab turish paytida ba’zi protsessual harakatlar videokameraga yozilishi shart.

JPKning 224-moddasiga binoan, bunga quyidagilar kiradi:

  • ushlab turilgan shaxsning huquqlari tushuntirilishi;
  • uning jinoyatda gumon qilinib ushlanganligini aytilishi;
  • ushlashni amalga oshirayotgan xodim o‘zini tanishtirishi va ushlangan shaxs talabiga ko‘ra o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi;
  • ichki ishlar organi yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishni talab qilish;
  • shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yishni amalga oshirish.

Agar ushbu protsessual harakatlarni bajarishni kechiktirib bo‘lmaydigan bo‘lsa, ularni videoyozuv orqali qayd etmasdan amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi. Mazkur qoida ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ binosida amalga oshiriladigan ushlab turishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan bo‘lsa, ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganidan so‘ng videoyozuvdan foydalangan holda uning protsessual huquqlarini tushuntirish shart. Ushlab turilgan shaxsga videoyozuv uni namoyish qilish orqali tanishtiriladi.

Shaxsni yalang‘ochlash bilan bog‘liq shaxsiy tintuvni videoyozuv orqali qayd etish taqiqlanadi.

Ushlab turish bayonnomasini tuzish

Ушланgaн shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organning navbatchisi yoki boshqa xodimi JPKning 225-moddasida keltirilgan barcha ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda ushlab turish bayonnomasini boshliqning ko‘rsatmasiga binoan darhol tuzishi kerak:

  • uning tuzilgan joy va vaqti;
  • kim, kim tomonidan, qachon, qanday holatlarda, qonunda ko‘rsatilgan qanday asoslarga ko‘ra ushlanganligi;
  • ushlangan shaxs qanday jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganligi;
  • ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga qaysi vaqtda olib kelinganligi;
  • shaxsiy tintuv qilish va olib qo‘yish natijalari (ular o‘tkazilgan bo‘lsa);
  • ushlashning videoyozuv orqali qayd etilganligi (u o‘tkazilgan bo‘lsa), ushlangan shaxsning videoyozuv materiallari bilan tanishganligi, shuningdek shaxsni ushlash vaqtida foydalanilgan vositalarning texnik xususiyatlari.

Bayonnomani ushlab turishning asosliligini tekshirish vazifasi topshirilgan ichki ishlar organi xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ xodimi, ushlab keltirgan vakolatli shaxs yoki fuqaro, ushlangan shaxs va xolislar imzo chekib, tasdiqlaydi.

Agar ushlab turilgan shaxs bayonnoma yoki keltirilgan gumon bilan rozi bo‘lmasa, u “Tanishdim, lekin rozi emasman” deb bayonnomani imzolashga haqli.

Ushlab turilganlarni saqlash joylari

Jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan ushlangan shaxs ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng u ozodlikdan mahrum etish joyi hisoblanmagan xizmat binolarida saqlanishi shart yoki vaqtincha saqlash hibsxonasi kamerasiga joylashtiriladi.

Ushlab turilganlarni ayrim joylarda istisno tarzida maxsus moslashtirilgan binolarda, dengiz va daryo kemalarida esa maxsus ajratilgan kayutalarda saqlashga yo‘l qo‘yiladi.

Jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan ushlangan shaxs kim bilan uchrashishi mumkin?

JPKning 230-moddasiga binoan, ushlab turilgan shaxsga himoyachi bilan birinchi xoli uchrashuvga birinchi so‘roqqacha ruxsat beriladi.

Qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashuvga ushlab turilgan shaxslar saqlanadigan joyning ma’muriyati ushlab turish to‘g‘risidagi materiallar qaysi tergovchi yoki surishtiruvchining ish yurituvida bo‘lsa, faqat o‘sha tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsati asosida ijozat beradi, himoyachi bilan uchrashuv bundan mustasno.

Jinoyatni sodir etishda gumon qilinib, ushlab turilgan shaxs qaysi holatlarda ozod qilinishi kerak?

Jinoyat-protsessual kodeksning 234-moddasiga binoan ushlab turilgan shaxs quyidagi holatlarda ozod qilinishi kerak:

  • jinoyat sodir etganligi haqidagi gumon tasdiqlanmasa;
  • ushlab turilganga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash zarurati bo‘lmasa yoki uni qo‘llash sud tomonidan rad etilsa;
  • ushlab turishning belgilangan muddati tugagan bo‘lsa va ushlab turilganga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan yoxud ushlab turish muddati uzaytirilmagan bo‘lsa.

Ushlab turilgan shaxsni ozod qilish surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qaroriga yoxud sudning ajrimiga binoan ushlab turilganlar saqlanadigan joyning boshlig‘i tomonidan amalga oshiriladi.

Prokurorning, tergovchining yoki surishtiruvchining ushlab turilgan shaxsni ozod qilish haqidagi qarori yoxud sudning uni ushlab turish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi yoki unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi ajrimi qonunda belgilangan ushlab turish muddati ichida ushlab turilganlar saqlanadigan joyga kelib tushmasa, ushlab turilganlar saqlanadigan joyning boshlig‘i bu shaxsni ozod qiladi va uning ozod qilinganligi to‘g‘risida prokurorga, tergovchiga yoki surishtiruvchiga bildirish xati yuboradi.

Zarur hollarda ushlab turilganlar saqlanadigan joyning ma’muriyati ozod qilingan shaxslarning yashash joyiga tekin jo‘nab ketishini ta’minlaydi; ularning iltimosiga ko‘ra, ushlab turilganlar saqlanadigan joyda bo‘lgan vaqti haqida ma’lumotnoma beradi.

Agar shaxs noqonuniy ushlab turilgan bo‘lsa, unda unga yetkazilgan zarar, JPKning 235-moddasiga muvofiq to‘liq qoplanishi shart.