Rossiyaning «Yevrotsement» xalqaro sanoat xoldingi «Oxangaronsement»dagi aksiyalarini sotmoqchi. Bu haqda «Toshkent» fond birjasi ma’lumotlariga tayanib Spot xabar bermoqda.

Kompaniya muzokaralar auksioni rejimida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi birja bitimini e’lon qildi. Gap 4 mln 141 ming 108 ta oddiy nominal hujjatsiz aksiyalar haqida ketmoqda. Har bir aksiyaning narxi kamida 103593,05 so‘m etib belgilangan. Bu kompaniyaning mavjud 84,19 foiz ulushining barchasi hisoblanadi, deya yozmoqda nashr.

Aksiyalar bitta lot orqali sotilmoqda. Agar kelishuv yuqorida qayd etilgan shartlarda amalga oshirilsa, umumiy qiymati qariyb 429 mlrd so‘m (MBning 1 martdagi kursiga ko‘ra, 40,7 mln dollar atrofida)ni tashkil etadi.

Avvalroq, «Yevrotsement» qarzlari sababli Sberbank бошқарувига o‘tdi va allaqachon sotuvga qo‘yilishga ham ulgurdi.

«Oxangaronsement» mamlakatning eng yirik soliq to‘lovchilari qatoridan joy olgan. Shuningdek, bozorda yetakchi o‘ringa ega kompaniyalardan biri hisoblanadi. 2019 yil yakunlari bo‘yicha kompaniyaning sof foydasi 179,8 mlrd so‘mni tashkil etdi. 2020 yilning 9 oyida esa — 187,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.