27-fevral soat 03:51 da Toshkent shahri Chilonzor tumani, “Sharq” MFY, Guliston ko‘chasi 9A-uy manzilida joylashgan “Shovotlandiya” MCHJ kafesida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan.

Voqea joyiga jalb etilgan 4 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalaridan birinchisi soat 03:54 da yetib borgan. Soat 04:37 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.

“Yong‘in oqibatida kafening tom qismi hamda ichki jihozlari 150 kv.m. maydoni yonib jiddiy zararlangan. Achinarlisi yong‘in oqibatida jabrlanganlar mavjud”, — deyiladi xabarda.

Voqea joyiga Toshkent shahar FVB, IIBB rahbariyati, prokuratura, Sog‘liqni saqlash va kommunal xizmatlar mutaxassislari, IIB tezkor-tergov guruhi hamda tegishli xizmatlarning kuch va vositalari jalb etilgan.

Ushbu holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruvi olib borilmoqda.