Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya tomonidan Qrim yarim orolining anneksiya qilinishini hech qachon tan olmaydi va Ukraina bilan birga “Rossiyaning agressiv harakatlariga qarshi chiqadi”. AQSh prezidenti 26 fevral kuni Ukrainada nishonlanadigan Qrim va Sevastopolning bosib olinishiga qarshilik ko‘rsatish kuni munosabati bilan qilgan bayonotida shunga to‘xtaldi.

“Shu kuni 7 yil oldin Rossiya Qrimga bosib kirib, zamonaviy davlatlar bir-biri bilan munosabat qilishda asos bo‘lgan xalqaro huquq va normalarni, hamda qo‘shni Ukrainaning suvereniteti va hududiy dahlsizligini buzdi”, — deyiladi bayonotda.

“Ushbu mojaro boshlanganidan beri bo‘lgani kabi, bugun ham AQSh Ukraina va uning ittifoqdoshlari hamda hamkorlarini qo‘llab-quvaatlashda davom etadi. Ushbu noxush sanada biz oddiy haqiqatni ta’kidlaymiz: Qrim — bu Ukraina”, — dedi AQSh prezidenti.

2014 yil 16 mart kuni Qrimda referendum bo‘lib o‘tdi, rasmiy natijalarga ko‘ra deyarli 96% saylovchilar Rossiya tarkibiga kirish uchun ovoz berishgan. 17 mart kuni Qrim parlamenti mustaqillik haqida farmon qabul qilib, Qrimni Rossiya tarkibiga sub’ekt sifatida qo‘shib olish uchun murojaat qildi.

18 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qrim Respublikasini mustaqil davlat sifatida tan olish haqidaқарорni imzoladi. Shu kunning o‘zida Rossiya va Qrim respubikani va Sevastopol shahrini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiritish bo‘yicha kelishuv imzolashdi.

27 mart kuni BMT Bosh assambleyasi Ukraining hududiy yaxlitligini tan oladigan rezolyutsiyani qabul qildi. Unda referendum qonuniy kuchga ega bo‘lmaganligi aytiladi.

2017 yilning dekabrida BMT Bosh assambleyasi Rossiyaning Qrim va Sevastopolni “vaqtincha okkupatsiya qilgani"ni qoralaydigan va “anneksiyaning tan olinmasligi” ta’kidlangan rezolyutsiyani qabul qildi.