27 fevral kuni soat 03:51 da Chilonzor tumanida joylashgan «Shovotlandiya» kafesida yong‘in chiqqan haqida xabar bergan edik. Voqea joyiga jalb etilgan 4 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari tomonidan soat 04:37 da yong‘in to‘liq bartaraf etilgan edi.

Toshkent shahar IIBB xabar berishicha, yong‘in «mazkur kafeda ishlagan va yashagan besh nafar insonning hayotiga zomin bo‘lgan». Kafega o‘t qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Voqea yuzasidan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Yaxyojon Abdulxakov, Toshkent shahar prokurori Ulug‘bek Qosimov va boshqa mutasaddilar umumiy ovqatlanish joylari rahbarlari bilan muloqot qilgan. Ularga o‘z ishchilarini ijtimoiy himoya qilinishiga mas’ul ekanligi, xodimlar noturar binolarda yashamasliklari uchun yashash joyi bilan ta’minlashi zarurligi, qolaversa, ishga yollashda xodimlarni to‘liq tekshirish so‘ralgan.

Foto: IIV.

IIV xabar berishicha, kafega qasddan o‘t qo‘ygan shaxs «Matiz»da manzilga kelib, bino devorlariga shisha idishdagi suyuqlikni sepib, so‘ng yana bir idishdagi suyuqlikni bino ichkarisiga otgan. Alanga chiqishini kuzatib, yong‘in sodir bo‘lgach voqea joyini yashirincha tark etgan.

Ushbu jinoyatni muqaddam JKning 164-moddasi 4-qismi, 168-moddasi, 3-qismi, 127-moddasi, 3-qismi bilan sudlangan Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi S.F. sodir etgani aniqlangan va u qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan JKning 173-moddasi 2-qismi «b,v» bandlari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.