O‘zbekiston olmasi eksporti 2020-yilda 61,8 foizga qisqardi. Shu bilan birga boshqa mamlakatlardan olmani import qilish 8,5 baravarga o‘sdi. Bu Davlat statistika qo‘mitasining “Gazeta.uz"ga taqdim etgan ma’lumotlarida aks etgan.

Import

O‘zbekistonga olma importi (2019−2020-yillar kesimida).

O‘zbekiston olma importini hosil mavsumi bo‘lmagan vaqtda keskin — 1042 tonnadan 8876 tonnagacha (mos ravishda 360,9 ming dollardan 2,85 million dollargacha) oshirgan. Bunda yangi pishgan olma importining asosiy hajmi (62,8 foizi) Qirg‘izistonga to‘g‘ri keldi. Ushbu mamlakatdan olma keltirish 45 baravar oshdi — 121,6 tonnadan (har bir kilogramm uchun 47 sentdan) 5574,9 tonnagacha (kilogramm uchun 0,29 sentdan).

Xitoy O‘zbekistonga olma yetkazib berish hajmini 3,1 baravar (369 tonnadan 1166,5 tonnaga), Eron esa 2,7 baravar (373,4 tonnadan 1036,2 tonnaga) oshirdi.

O‘zbekiston, shuningdek, Ukraina, Armaniston, Rossiya va Turkiyadan ham olma sotib olishni boshladi.

O‘tgan yilning may oyida O‘zbekistondagi bog‘bonlardan biri bahorgi sovuq ta’sirida olma hosilidagi yo‘qotishni 15−20 foiz atrofida baholayotganini bildirgan.

Eksport

O‘zbekistondan olma eksporti (2019−2020 yillar kesimida).

O‘zbekiston 2019-yilda 25 million dollarga 50 ming tonnadan ko‘proq olma eksport qilgan bo‘lsa, 2020-yilda bu ko‘rsatkich 19 ming tonnaga tushib ketib, daromad 8,7 million dollarni tashkil etdi.

Eksport hajmining keskin pasayishi ko‘p jihatdan 2019-yilda o‘zbek olmalarini sotishning asosiy bozori bo‘lgan Qozog‘iston bilan bog‘liq. 2020-yilda ushbu mamlakat yetkazib berish bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi, ammo uning hajmi 73 foizga — 41,6 ming tonnadan 11,2 ming tonnaga kamaydi.

Qozog‘istonda olmaning umumiy iste’moli 2019-yilda 344,3 ming tonnani, import 128 ming tonnani tashkil etdi. Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi vaziri Saparxon Omarovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat 2024-yilga qadar olma mahsulotlariga bo‘lgan ichki ehtiyojni o‘z mahsulotlari bilan to‘liq qondirishni rejalashtirmoqda.

Tanqislikni to‘liq qoplash uchun Qozog‘istonda har yili 2 ming gektardan ortiq bog‘lar yaratish maqsad qilgan. Olma bog‘larini barpo etish va mevalarni saqlash joylarini qurishga ajratiladigan investitsiyalar uchun beriladigan subsidiya 25 foizdan 40 foizgacha oshirilishi meva yetishtiradigan yirik fermer xo‘jaliklarini yaratish uchun rag‘batlantiruvchi omil bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, bog‘larni sug‘orish uchun quduqlar qurishga 25 foizlik subsidiya joriy etiladi.

O‘zbekiston Rossiyaga olma yetkazib berishni — 4112 tonnadan 4842 tonnaga oshirdi. Qirg‘izistonga eksport — 40 foizga, Tojikistonga esa — 21,5 foizga qisqardi.