Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova va Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusovaning hisoboti muhokama qilindi, deya xabar berdi O‘zA.

“Pandemiya Ombudsmanning inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi faoliyatiga ham o‘zining ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Bunda, fuqarolarning shaxsiy qabuli vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lsa-da, Ombudsmanning “ishonch telefoni"ga hamda elektron manziliga kelib tushgan murojaatlar soni oldingi yillarga nisbatan oshdi”, — dedi Feruza Eshmatova.

Qat’iy karantin talablari o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay, Ombudsman va uning kotibiyati jamoatchilik faollari bilan birgalikda karantin majmualari, tibbiy muassasalar, Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlarining ta’minlanish holatini o‘rganish maqsadida muntazam monitoring tadbirlarini amalga oshirgani aytilmoqda.

2020-yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 14 ming 975 ta murojaat kelib tushdi.

Yil davomida Ombudsman 4486 ta murojaatni ko‘rib chiqishni o‘z nazoratiga oldi, davlat va jamoat tashkilotlariga ular bo‘yicha 4987 ta so‘rov yubordi.

“Shu bilan birga, Vakilning aholi murojaatlari bilan ishlashda o‘tgan yildagi faoliyatiga nisbatan ijobiy o‘zgarishlar qilingan bo‘lsa-da, hisobot davrida 176 ta murojaat qonun talablariga muvofiq belgilangan tartibda anonim deb topilgan. Biroq mazkur murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni Vakil tashabbusi bilan ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan”, — deyiladi xabarda.

Hisobot yilida Ombudsmanning 274 ta murojaatiga o‘z vaqtida vazirlik va idoralar javob bermagan. Mazkur holat yuzasidan vazirlik hamda hokimliklarga 3 ta taqdimnoma 9 ta hulosa kiritilganiga qaramay, Oliy Majlis palatalariga bu haqida ma’lumot taqdim etilmagan.

Shuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishini oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar natijasida qamoqda saqlash joylarida bir qator kamchiliklar hamda o‘z yechimini kutayotgan muammolar aniqlandi.

“Ba'zi jazoni ijro etish muassasasi xodimlari “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida"gi qonundan to‘liq xabardor emas. Muassasalardagi ishlab chiqarish sexlarida tibbiy punktlar tashkil etilmagan hamda sexlar, mustaqil uchastkalar, ustaxonalar va boshqa inshootlar birinchi tibbiy yordam aptechkalari bilan to‘liq ta’minlanmagan”, deyiladi Ombudsman hisobotida.

Ishlab chiqarishda mehnatga jalb qilingan mahkumlar maxsus kiyim-bosh, poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan to‘liq ta’minlanmagan.

Bundan tashqari, ta’kidlanishicha, Vakilning mintaqaviy vakillari “o‘z faoliyatini targ‘ib qilish ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymagan”.

2020-yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga jismoniy va yuridik shaxslar, bolalar hamda ularning qonuniy vakillari tomonidan jami 85 ta murojaat kelib tushgan. Shundan, 28 tasi idora va tashkilotlar tomonidan qanoatlantirilgan.

Mehribonlik uylari bitiruvchilarining turar joy bilan ta’minlanishi to‘g‘risidagi 12 ta murojaati mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan javobsiz qoldirilgan.

Bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida Bola huquqlari bo‘yicha vakil murojaatlar yuzasidan 8 marotaba o‘zi va vakili orqali sud protsesslarida ishtirok etdi. Shundan 5 ta sud qarori bekor qilingan.

Pandemiya oqibatida juda ko‘plab muassasalar yopiq holatda o‘z ish faoliyatlarini davom ettirdi. Bu kabi yopiq, shaxslar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda bola huquqlarini ta’minlash yuzasidan Qashqadaryo, Toshkent, Andijon, Jizzax, Sirdaryo, Farg‘ona, Buxoro, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida joylashgan muassasalarga 53 ta monitoring tashriflari uyushtirilgan.

Hisobot davomida monitoringlarda aniqlangan kamchiliklar tahlil qilinib, davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga 3 ta taqdimnoma va 47 ta so‘rov yuborilgani hamda 12 ta qonun loyihasiga takliflar berilganini qayd etildi.