Haftaning ish kunlari oxirida O‘zbekiston hududi Rossiyaning Yevropa hududi orqali kirib kelgan juda sovuq havo massalari ta’siri ostida bo‘ldi, deya xabar berdi O‘zgidromet.

Hafta davomida havo harorati 10−12° sovuqgacha pasaydi. Qoraqalpog‘istonda 20−22° sovuq, Ustyurtda 23−25° sovuq bo‘ldi. Kunduz kunlari harorat 4−6° sovuqdan yuqoriga ko‘tarilmadi, shimolda harorat 8−10° sovuq atrofida bo‘ldi. Bunday harorat me’yoriy qiymatlardan 12−17° past bo‘ldi.

Juma kunidan boshlab sovuq havo massalari respublika hududidan chiqishni boshladi. Uning o‘rniga Turkmaniston hududlaridan iliq havo massalari kirib kelmoqda.

Dam olish kunlari havoning ilishi davom etadi. Yakshanba kuniga kelib, kechasi 3−5° sovuqgacha kuchsizlanadi, kunduz kunlari esa 7−12° iliqgacha ko‘tariladi. Ammo bu fevral oyining oxiridagi iqlimiy me’yorlardan biroz pastroqdir.

Respublika hududining ko‘p qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi.

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi mavjud.