Iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni kamaytirish vazirligi O‘zbekistonning 2020 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy rivojlanish tendensiyalari va 2021 yilga mo‘ljallangan prognozlarini taqdim etdi (PDF).

2020 yil yakuniga ko‘ra, asosiy kapitalga qo‘yilgan investitsiyalar hajmi real qiymatida 2019 yilga nisbatan 8,2 foizga kamaydi va 202 trln so‘mni tashkil qildi. Markazlashtirilgan manbalardan moliyalashtiriladigan investitsiyalar hajmi 34,9 foizga kamayib, 39,3 trln so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiyalar 33,6 foizga, O‘TTJ mablag‘lari 75,7 foizga, hukumat tomonidan ta’minlangan xorijiy investitsiyalar va kreditlar 28 foizga kamaygan.

2020 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 32,7 foizga (kafolatlanmagan xorijiy kreditlarni inobatga olmagan holda) kamayib, 2,9 mlrd dollarni (dollar ekvivalentida pasayish 33,8 foizga yetdi) tashkil etdi.

Hisobotga ko‘ra, kafolatlanmagan xorijiy kreditlar quyidagi tarmoqlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobardan ziyod (2,4 mlrd dollardan 3,5 mlrd dollargacha) o‘sdi, jumladan:

  • NKMK — 636,5 mln dollar;
  • «O‘zbekneftgaz» AJ — 154,8 mln dollar («Sho‘rtan GKM» MCHJ — ishlab chiqarish quvvatini oshirish" — 122,7 mln dollar);
  • «O‘zeltexsanoat» AJ — 101,8 mln dollar (maishiy muzlatgichlar ishlab chiqarish — 48 mln dollar);
  • ATKR vazirligi — 89,4 mln dollar (keng polosali telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish — 35,5 mln dollar);
  • «O‘zqurilishmateriallari» AJ — 91 mln dollar.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning 22,1 foizi tabiiy gaz ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga, 22,5 foizi boshqa metall bo‘lmagan mineral mahsulotlarni ishlab chiqarish, 9,3 foizi qurilish ishlariga yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, eksport salohiyati yuqori bo‘lgan — mashinasozlik, elektrotexnika, metallurgiya, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarida asosiy kapitalni shakllantirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning darajasi pastligicha qolmoqda.

«Mazkur tendensiya ushbu sohalarda qulay investitsiya muhiti yaratilmaganligi, xususan raqobat muhiti, xususiy mulk daxlsizligi, moliya bozorlari, ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasida tizimli muammolarning mavjudligidan dalolat beradi», — deyiladi hisobotda.

Ta’kidlanishicha, investitsiyalar sohasidagi mavjud tendensiyalarning davom etishi 2021 yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlariga (5,1% darajasida deb prognoz qilinmoqda) erishishga tahdid solishi mumkin, bu esa iqtisodiyotga jalb qilingan investitsiyalar hajmini sezilarli darajada oshirishga qaratilgan investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha amaliy choralarni va ularning samaradorligini oshirishni talab qiladi.

Investitsiyalarning asosiy manbalari hisoblangan davlat tashqi qarzi, Tiklanish va taraqqiyot fondi mablag‘lari, kafolatlanmagan xorijiy kreditlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, shuningdek tijorat banklari kreditlarining YAIMga nisbati 2019 yilda 23,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yil yakuniga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich YAIMning 20,1 foizini tashkil etdi.

Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning yuqori texnologiyali va inson kapitaliga faol yo‘naltirilmasligi mamlakatda yuqori darajadagi inklyuziv o‘sishga erishish va kambag‘allik darajasini qisqartirish kabi maqsadlarga erishish jarayonini xavf ostiga qo‘ymoqda.

Investitsiya muhitini yaxshilash sohasida asosiy qadam xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlar orqali to‘liq va samarali institutsional asosni shakllantirish bo‘lishi lozim, deya ta’kidladi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi.