20 fevral kuni Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazoqov prezident tashrif buyurgan “Bunyodkor” mahallasida muammolar o‘z yechimini topguniga qadar yashashini ma’lum qilgan edi.

“Xalq so‘zi” nashriga “viloyat hokimining uyi” suratlari taqdim etildi.

Foto: “Xalq so‘zi”

Xabarga ko‘ra, hozirda konteyner o‘rnatilib, uning atrofi devor bilan o‘ralgan. Darvoza qilinib uy hovlisida fuqarolarni qabul qilish, suhbatlashish, murojaatlarini tinglash uchun maxsus ayvon ham qurilmoqda.


Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati “Gazeta.uz” ga ma’lum qilishiga ko‘ra, hokim u yerda holat yaxshilanguncha yashaydi. Shu bilan birga, ushbu konteyner keyinchalik buzilmay, boshqa maqsadlarda ishlatilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 19 fevral kuni prezident Namangan shahridagi “Bunyodkor” mahallasiga rejalashtirilmagan tarzda tashrif buyurgan edi. “Bu yerdagi ahvol mahalla nomiga zid. Ichimlik suvi yo‘q, ichki yo‘llar yomon, atrof obodonlashtirilmagan. Mahalla idorasining o‘zi ham harob, bino orqasida chiqindilar yotibdi”, — deya tanqid qilgan edi davlat rahbari.

Shundag so‘ng, Namangan shahri hokimi Olimjon Isayev hamda prokurori Bahromjon Yuldashev ishdan bo‘shatilgan.