Yevropa Ittifoqi o‘zining birinchi harbiy konsepsiyasini 2022 yil martgacha tasdiqlashga qaror qildi

Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari «Yevropa Ittifoqining strategik kompasi» deb nomlangan birinchi harbiy konsepsiya ishlab chiqishni faollashtirish va 2022 yil martgacha qabul qilish niyatida. «Biz [Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha] oliy vakili Jozep Borrellga ushbu hujjatni 2022 yil martida tasdiqlash maqsadida, qo‘lidagi barcha vositalardan foydalangan holda, Yevropa Ittifoqining strategik kompas ustida ishlashni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdik», — deyiladi bayonotda. «Biz Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida mudofaa va xavfsizlik, kiberxavfsizlik va gibrid tahdidlarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishimiz kerak», dedi Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel sammitning yakuniy matbuot anjumanida. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqining harbiy qismini kuchaytirish NATO manfaatlariga zid kelmasligiga ishontirdi. — Yevropa Ittifoqining rasmiy veb-sahifasi.

Germaniya kansleri Angela Merkel transatlantik alyansni mustahkamlash Yevropa Ittifoqining mudofaa salohiyatini mustahkamlash bilan bir vaqtda bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. «Kansler Yevropaning mudofaa salohiyatini mustahkamlash bilan bir qatorda transatlantik alyansni mustahkamlash tarafdori», dedi Germaniya Vazirlar Mahkamasi rasmiy vakili Shteffen Zaybert. Merkelning so‘zlariga ko‘ra, «ular bir-birini to‘ldiradi». Hukumat rahbari Yevropa Ittifoqi va NATO, Yevropa Ittifoqi va AQSH o‘rtasida «tizimli hamkorlik»ni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da xalqaro aeroport qurishni boshladi

Boku Tog‘li Qorabog‘dagi Fizuli viloyatida xalqaro aeroport qurishni boshladi va uni shu yilning kuzida foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda. «Fizuli aeroportiga kelsak, ish allaqachon boshlangan. Biz zudlik bilan minalarni tozalash bilan bog‘liq masalalarni [hal qilishni] boshladik, chunki birinchi navbatda u yerdagi hududlarni tozalash kerak edi, bu jarayon tugashga yaqin… Tabiiyki, bu yil u foydalanishga topshiriladi. Biz buni kuzning boshida bo‘lishini istaymiz. Agar hamma narsa rejaga muvofiq ketadigan bo‘lsa, u holda bu yil kuzning boshida aeroport ishga tushiriladi», — dedi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev. «Bu bizga undan chet eldan oladigan tovarlarni hisobga olgan holda hududlarni tiklash uchun ham, qo‘shni davlatlar fuqarolari uchun Shusha shahriga qulay kirish uchun ham foydalanishimizga imkon beradi», deb qo‘shimcha qildi Aliyev. Uning ta’kidlashicha, Shushaga aeroport bilan bir vaqtda ikkita magistral yo‘l ham qurilmoqda. Ta’kidlanishicha, Fuzuli aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi barcha turdagi samolyotlarni, shu jumladan eng og‘irlarini ham qabul qila oladi. -TASS.

Ispaniyaning sobiq qiroli soliq qarzi sifatida 4 mln yevro to‘ladi

2014 yilda Ispaniya taxtidan voz kechgan Xuan Karlos I mamlakat soliq idorasiga 4 mln yevro miqdorida o‘z qarzini to‘ladi. O‘tgan yilning 9 dekabrida faxriy qirol Ispaniyada 2016 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda soliq qarzlari bo‘yicha 678 ming yevrodan ortiq pul to‘lagan edi. Gap bir necha yil davomida e’lon qilinmagan daromadlar haqida ketmoqda, ularning umumiy miqdori naqd pulsiz 8 mln yevrodan oshadi. Taxminlarga ko‘ra, Xuan Karlos I xususiy samolyotlarda parvoz qilgan, ular 2018 yilga qadar sobiq davlat rahbari tomonidan amakivachchasi fondidan to‘langan. Nashrning ta’kidlashicha, sobiq qirol himoyasi Ispaniya soliq organlariga o‘z ixtiyori bilan deklaratsiya topshirgan. Bundan tashqari, Ispaniya Oliy sudi prokuraturasi faxriy qirol bilan bog‘liq yana ikkita tergov olib bormoqda. Ulardan biri, Makka-Madina yo‘nalishida tezyurar temir yo‘l qurilishi shartnomasi Ispaniya kompaniyalari konsorsiumiga o‘tishi uchun Saudiya tomoni bilan muzokaralarda vositachi vazifasi uchun pul olgani aytilmoqda. Shuningdek, OAVda Ispaniya prokuraturasi Xuan Karlos I ning Ispaniya soliq idoralaridan yashiringan bo‘lishi mumkin bo‘lgan Jersi orolidagi mablag‘larning mavjudligini tekshirayotgani haqida ham ma’lumotlar paydo bo‘ldi. — El Pais.

Jahon mudofaa xarajatlari 2020 yilda 3,9 foizga o‘sdi

2020 yilda butun dunyo bo‘ylab mudofaa va qurol-aslaha xarajatlari 3,9 foizga o‘sib, 1,83 trln dollardan oshdi. Bu haqda 25 fevral kuni Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti tomonidan taqdim etilgan hisobotda aytilgan. Xarajatlar o‘sishining uchdan ikki qismi AQSH va Xitoyga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, AQSHning dunyodagi mudofaa va qurol-aslaha xarajatlaridagi ulushi 40,3 foizni yoki 738 mlrd dollarni tashkil etdi. Pekin o‘tgan yili ushbu sohadagi xarajatlarini 5,2 foizga yoki 12 mlrd dollarga ko‘paytirib, ularni 193,3 mlrd dollarga yetkazdi. Hujjatda ta’kidlanishicha, AQSH va Xitoydan keyin mudofaaga eng ko‘p mablag‘ sarflaydigan mamlakatlar orasida Hindiston (64,1 mlrd dollar), Buyuk Britaniya (61,5 mlrd dollar) va Rossiya (60,6 mlrd dollar) bor. Kuchli o‘nlikka, shuningdek, Fransiya (55 mlrd dollar), Germaniya (51,3 mlrd dollar), Yaponiya (49,7 mlrd dollar), Saudiya Arabistoni (48,5 mlrd dollar) va Janubiy Koreya (40,4 mlrd dollar) kiradi. — Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti.

Turkmanistonda turkman alabayi bayrami ta’sis etildi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov «Turkman alabayi bayramini belgilash to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi, unda har yili aprel oyining so‘nggi yakshanbasida turkman otining milliy bayrami bilan birga nishonlash belgilangan. Farmonga ko‘ra, yangi bayram «turkman alabayining dunyo miqyosidagi shuhratini oshirish, shuningdek milliy itchilikni rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida» joriy etildi. Turkmaniston Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligiga «Turkman alabayi» Xalqaro assotsiatsiyasi bilan birgalikda «Turkman alabayi bayramini yuqori tashkiliy darajada o‘tkazilishini ta’minlash» topshirig‘i berildi. Bir necha yillardan buyon Turkmanistonda turkman alabayini ommalashtirish bo‘yicha davlat darajasida ishlar olib borilmoqda. Mamlakatda davlat rahbarining o‘g‘li boshchiligidagi «Turkman alabayi» xalqaro birlashmasi tashkil etildi. — Neytralnыy Turkmenistan.