Prezident 25-fevral kuni “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Mazkur hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yilning 10-noyabr kuni, Senat tomonidan esa 2021-yilning 5-fevralida ma’qullangan.

Amaldagi Qonun 2000-yilda qabul qilingan bo‘lib, senatorlarning fikricha, “islohotlar tufayli so‘nggi yillarda audit bozorida ro‘y bergan o‘zgarishlar uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish sifatlarini pasaytirib, samarasiz, bugungi talablarga to‘liq javob bermaydigan” holga kelgan.

Yangi tahrirdagi qonunga muvofiq, Moliya vazirligi auditorlik faoliyati sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.

Qonunning muhim jihatlaridan biri bu — auditorlik faoliyatining litsenziyalanadigan faoliyat turlari tarkibidan chiqarilayotganidir.

Endi auditorlik faoliyati faqat Auditning xalqaro standartlari asosida amalga oshiriladi. Majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi zarur bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega tashkilotlar ro‘yxati ham shakllantirildi.

Malaka sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslar auditor sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Auditorlik faoliyatiga oid ma’lumotlar Moliya vazirligi saytida joylashtiriladi.

Banklar va boshqa kredit tashkilotlarida auditorlik tekshiruvi o‘tkazilishida mas’ul organ sanaladi.

Qonunga ko‘ra, auditorlar jamoat birlashmalari ularning malaka imtihonlarini o‘tkazishda va test sinovlarini tuzishda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Auditorlik faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Auditor o‘zi ishlaydigan faqat bitta tashkilot muassisi bo‘la oladi.

Moliya vazirligi tomonidan Auditorlik sertifikati beriladi. Uni olish uchun talabgor oliy ma’lumotli bo‘lishi hamda faoliyatining oxirgi 10 yilidan 3 yilida buxgalteriya va audit sohasida yoki OTMda ishlagan bo‘lishi kerak.

Sertifikat uchun arizalar 3 ish kunida ko‘rib chiqilib, malaka imtihoni topshirish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Bundan tashqari, qonun bilan auditorlik tashkilotining maqomi ham belgilandi va auditorlik tashkiloti o‘zi haqidagi ma’lumotlar reyestrga kiritilganidan faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ldi.

Auditorlik tashkilotlari auditorlik tekshiruvlari va turdosh xizmatlarni ko‘rsatadi.

Mazkur qonun rasman e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tib, kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, yangi tahrirdagi qonun quyi palataning 3 iyundagi majlisida ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan va ko‘plab baxs-munozaralarga sabab bo‘lgani bois qaytarib yuborilgan edi.