24-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida suvdan tejab foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil sug‘orish mavsumida suv ta’minoti me’yorga nisbatan 25 foiz kam bo‘lishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda 430 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 milliard kubmetr suvni iqtisod qilish mumkinligi ta’kidlandi. Bu, o‘z navbatida, shunday texnologiya va uskunlarga talabni oshiradi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tomchilatib sug‘orish tizimlari va quvurlar ishlab chiqarish uchun joriy yil fevral-aprel oylarida 35−40 ming tonna polietilen zarur. Shu bois, suv tejovchi texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan polietilen va polipropilen uchun import boji 1 oktyabrgacha bekor qilingani aytildi.

Suv xo‘jaligi vazirligiga 3 mingdan ziyod nasoslarni ta’mirlash va yangilash, nasos stansiyalarida elektr energiyasi va suv sarfini “onlayn” monitoring qilish tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.


Selektorda agrar sohada ilm-fan va axborot texnologiyalarini rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Poliz va sabzavotchilikni rivojlantirishda AQSH, meva yetishtirishda Buyuk Britaniya, donchilikda Avstriya, o‘simliklar himoyasi bo‘yicha Niderlandiya, o‘simliklar oziqlanishi va xujayra biologiyasi bo‘yicha Germaniya tajribasini o‘rganish, ekspertlarni jalb etish zarurligini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirining axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi va alohida tuzilma tashkil etilmoqda. Ushbu tuzilmaga yil yakuniga qadar 3 million gektar sug‘oriladigan yerlar monitoringi, tuproq tarkibi va ekinlar haqidagi ma’lumotlarni mujassam etgan axborot tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bu maqsadlarga xalqaro moliya tashkilotlarining 10 million dollari yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida Agroxizmatlar markazini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish chora-tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bu yil 1 iyuldan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘idan qarzdorligi bo‘lmagan chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik va baliqchilik xo‘jaliklariga yetishtirgan mahsuloti uchun byudjetdan subsidiya ajratilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, chorvachilik korxonalariga xomashyo va texnologiyalarni import qilishda bir qator yengilliklar beriladi. Baliq va parranda yetishtirishdagi nobudgarchilikni sug‘urtalash tartibi ishlab chiqiladi.

Chorvachilikda ozuqa-yem masalasi dolzarb. Shu bois yangi o‘zlashtiriladigan yerlar chorva komplekslari uchun taqsimlab berilishi, 28 ming gektar lalmi va yaylovlarda hamda 173 ming gektar asosiy ekindan bo‘shagan maydonlarda omuxta-yem yetishtirilishi belgilandi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” prezident qarori bilan suv tejovchi texnologiyadan foydalangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga subsidiyalar berilishi haqida yozgan edi.