Jinoyat kodeksining yangi tahririda yo‘l harakati xavfsizligi va transport vositalaridan foydalanish qoidalariga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bosh prokuratura tomonidan kodeksning yangi tahririga oid qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, 5 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan ehtiyotsizlik sabab sodir bo‘lgan jinoyatlarni (hozirda ular uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar qatoriga kiradi) og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritish taklif etilmoqda. Ushbu o‘zgarish umumiy qabul qilingan qoidalarga asoslangan bo‘lib, unga ko‘ra jazoning miqdori jinoyatning ijtimoiy xavfliligi darajasiga qarab belgilanadi.

Shuningdek, inson o‘limi va boshqa og‘ir oqibatlarni yuzaga keltirgan ehtiyotsizlik orqali sodir bo‘lgan jinoyatlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Hozirda inson o‘limiga sababchi bo‘lgan yo‘l harakati qoidalarining buzilishi yoki transport vositasidan foydalanishga oid jinoyatlar uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Biroq bu adolat prinsipiga mos kelmaydi, deyiladi hujjat loyihasi izohida.

Jinoyatlarni tasniflash asosida jazoning turi va miqdorini aniqlash uchun quyidagicha jarimalarni belgilash rejalashtirilgan:

  • BHMning 200 baravarigacha (49 mln so‘m) — jamoatchilikka katta xavf tug‘dirmagan jinoyatlar uchun;
  • BHMning 400 baravarigacha (98 mln so‘m) — uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun;
  • BHMning 600 baravarigacha (147 mln so‘m) — og‘ir jinoyatlar uchun.

Hozirda jarimalar BHMning 5 dan 600 baravari oralig‘ida belgilanmoqda.

Shu bilan birga, sudlanuvchi belgilangan jarimaning 2/3 qismini 3 oy ichida to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.

Inson omiliga bog‘liq jumlalar, masalan, «jiddiy ziyon» va «jiddiy zarar"larni jinoyat qonunchiligidan chiqarib tashlash taklif etilmoqda. Bu tergov va sud organlarining sub’ektiv fikri asosida qilmishni jinoyat sifatida tasniflash amaliyotini rad etishga olib keladi.

Jinoyat kodeksida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish

Jinoyat kodeksining 266-moddasini (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) quyidagi tahrirda qabul qilish taklif etilmoqda.

Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa — 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish (hozirda — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi);

Shu kabi harakat:

  • mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki intellektual va irodaviy faoliyatga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’sirida sodir etilgan bo‘lsa;
  • odamlar o‘limiga sababchi bo‘lsa — 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish (hozirda — muayyan huquqdan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shu kabi harakat sabab quyidagilar yuzaga kelsa:

  • mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki intellektual va irodaviy faoliyatga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’sirida sodir etilgan YTH inson o‘limiga sababchi bo‘lsa;
  • odamlarning o‘limiga;
  • boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa — 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish (hozirda — muayyan huquqdan mahrum qilib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi).

Jinoyat kodeksining 262-moddasini (transportni ta’mirlash yoki uni foydalanishga chiqarish qoidalarini buzish) quyidagi tahrirda qabul qilish taklif etilmoqda:

Ta’mirlash ishlarini bajarayotgan yoki transport vositasining texnik holati va undan foydalanilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxsning temir yo‘l, dengiz, daryo, havo, avtomobil yoki boshqa transport vositasini, aloqa yo‘llari, signalizatsiya, aloqa vositalari yoki boshqa transport uskunalarini sifatsiz ta’mirlashi, shuningdek, transport vositasining texnika holati jihatidan buzuqligini bila turib, uni foydalanishga chiqarishga ruxsat berishi badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa — 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi (hozirda — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda (24,5 million so‘m) jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa —

3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi (hozirda — 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish:

  • odamlar o‘limiga;
  • boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa — 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (hozirda — 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi).

Jinoyat kodeksining 261-moddasini (mast holdagi shaxsning transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘yish) quyidagi tahrirda qabul qilish taklif etilmoqda:

Transport vositasidan foydalanish uchun mas’ul shaxsning mast holatdagi yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida bo‘lgan shaxsni temir yo‘l, dengiz, daryo, havo, avtomobil transporti yoki boshqa transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘yishi badanga og‘ir shikast yetkazilishiga yoxud odam o‘lishiga sabab bo‘lsa —

3 yilgacha oylik maoshidan ushlab qolish yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa —

3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3 yilgan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi (hozirda — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda (24,5 million so‘m) jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum qilib 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi).

Loyihada boshqa qator o‘zgarishlar ham mavjud bo‘lib, muhokamalar 9 martga qadar davom etadi.