Chorshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda tirbandliklar yuzaga kelayotgan o‘ndan ortiq ko‘chada qisqa muddatlarda qo‘shimcha harakat yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Shunga muvofiq, IIV YHXBB poytaxtda yo‘l-transport infratuzilmasini takomillashtirish va yangi yo‘llar qurish ishlari uch bosqichda amalga oshirilishini ma’lum qildi. Loyihalar Transport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va Kalyon ulastirma (Turkiya) kompaniyasi bilan hamkorlikda hayotga tadbiq etiladi.

Foto: IIV YHXBB.

Birinchi bosqich. Toshkent shahridagi 3 ta ko‘chada tez muddatda yangi o‘tish joylari ochiladi va yo‘lni kengaytirish ishlari amalga oshiriladi:

  • Sebzor ko‘chasi bo‘ylab Abdulla Qodiriy ko‘chasi kesishmasidagi yo‘l o‘tkazgichdan tushgandan so‘ng, Zulfiyaxonim ko‘chasiga o‘tish uchun asosiy qatnov qismidan mahalliy yo‘lga yangi o‘tish joyini ochish;
  • Toshkent xalqa avtomobil yo‘lining 11-kilometrida (To‘sin bozor qarshisida) 250 metr masofada yo‘lni kengaytirish;
  • Al-Xorazmiy — Katta Qa’ni ko‘chalari chorrahasida aylanma harakatni tashkil etish maqsad qilingan.


Foto: IIV YHXBB.
Ikkinchi bosqich. Toshkent shahridagi 3 ta ko‘chaning transport o‘tkazish qobiliyatini oshirish bo‘yicha tadbirlarni hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan:

  • Choshtepa — Yangi Sergeli ko‘chalari kesishmasida o‘tkazuvchanlikni oshirish maqsadida, kesishmani kengaytirish (parametrlarini o‘zgartirish);
  • Toshkent xalqa avtomobil yo‘li — Samarbonu ko‘chalari kesishmasida mahalliy yo‘lni kengaytirish hisobiga o‘tkazuvchanlikni oshirish;
  • Mustaqillik — Parkent ko‘chalari kesishmasida yashil xudud xisobidan yangi yo‘l ochish rejalashtirilgan.


Foto: IIV YHXBB.
Uchinchi bosqich. Toshkent shahridagi 6 ta ko‘chada transport oqimi o‘rganilib, tahlil natijalaridan kelib chiqqan holda quyidagilar amalga oshiriladi:

  • Yunusobod tumanidagi Qoraqamish ko‘chasini Toshkent xalqa avtomobil yo‘li bilan bog‘lash uchun yangi yo‘l qurish;
  • Muqumiy — Lutfiy — Seul — Nurafshon ko‘chalari kesishmasi parametrlarini o‘zgartirish yo‘li bilan o‘tkazuvchanlikni oshirish;
  • Toshkent halqa avtomobil yo‘li — Amir Temur ko‘chalari kesishmasida aylanma harakatli chorrahani oddiy chorraha turiga o‘tkazish yo‘li bilan o‘tkazuvchanlikni oshirish;
  • Shota Rustaveli — Mirobod — Shahrisabz ko‘chalari kesishmasida aylanma harakatli chorrahani oddiy chorraha turiga o‘tkazish yo‘li bilan o‘tkazuvchanlikni oshirish;
  • Kichik xalqa avtomobil yo‘li bo‘ylab CRAFERS korxonasi qarshisida yangi qayrilib olish joyini ochish;
  • Seul — Novza — Bunyodkor ko‘chalari kesishmasida kanal ustidagi ko‘prikni kengaytirish xisobiga kesishma o‘tkazuvchanligini oshirish rejalashtirilgan.