Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 409 ta avariya holatidagi uylar buzib tashlanadi. Bu haqda 25 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida yangi tashkil etilgan tumanning hokimi Hayot Inog‘omov ma’lum qildi.

Bundan tashqari, 1966 yilgi zilziladan so‘ng, vaqtincha foydalanish uchun tez fursatlarda qurilgan yog‘och uylar ham buziladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «tuman markazida 149 gektar hududda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ikki qavatli yog‘och uylar mavjud».

Hayot Inog‘omovning aytishicha, mazkur uylarda istiqomat qiluvchi aholini barcha kommunikatsiya va sharoiti bor yangi uylarga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha turkiyalik mutaxassislar bilan birgalikda loyiha ishlab chiqilmoqda. Hozirgi vaqtda qurilish uchun joyni tanlash jarayoni ketmoqda.

«Loyiha doirasida jami 409 ta avariya holatidagi uylar buziladi. Ulardagi 4314 ta xonadonda yashayotgan mulkdorlar uchun tuman markazidan yangi zamonaviy uylar qurish rejalashtirilgan», — dedi tuman hokimi.

Tuman hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uylarni buzish aholi yangi uylarga ko‘chirib o‘tkazilganidan so‘ng amalga oshirila boshlanadi.

Shu bilan birga, Hayot Inog‘omov tuman oldida turgan eng muhim vazifalardan biri bu — piyodalar va velosipedlar uchun yo‘laklar tashkil etish ekanini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun katta mablag‘ yo‘naltirilgan, hozirda to‘rtta mahallada ishlar boshlab yuborilgan. 1 sentyabrga qadar 30 mahallaning barchasini qamrab olish maqsad qilingan.

Joriy yilda 1,3 trln so‘mlik 41 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. 1500 ta joyga ega 4 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 3160 ta joyga mo‘ljallangan 2 ta maktab, 2 ta poliklinika, tuman tez yordam xizmati, 30 mahallaning har birida kamida bittadan bolalar va sport maydonchalari qurilishi, qolaversa, aholi sayr qilishi uchun dam olish maskani bunyod etilishi ko‘zda tutilgan.

Yangihayot tumani hududi 4419,6 gektarni tashkil etadi. Tumanda 30 ta MFY, 41266 ta xonadon, 909 ta ko‘p qavatli uylar, 19 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 15 ta umumta’lim maktabi, 2 ta kasb-hunar kolleji, 7 ta tibbiyot muassasasi va 2 ta madaniyat markazi ob’ektlari mavjud.

Jami aholi soni — 147 798 nafarni, shundan 82767 nafarni (56 foizi) ayollar, 22610 nafarni (18−30 yosh) yoshlar tashkil etadi. Ishsizlar — 2124 kishidan iborat.

26 fevral kuni soat 14:51da aniqlashtirildi: xabarning birinchi variantida 400 dan ortiq yog‘och uylarning buzilishi haqida aytilgan edi. Aniqlik kiritilishcha, 409 ta avariya holatidagi uy nazarda tutilgan, ularning orasida yohoch uylar ham bor. Noaniqlik uchun uzr so‘raymiz.