Toshkent viloyatining Qibray tumanida, “Toshkent-Sharqiy” aerodromi yaqinida 155 gektarlik dendropark, 160 gektarlik Olimpiya shaharchasi va Chirchiq daryosi qirg‘oqlarida 270 gektarlik park barpo etiladi. Ularning loyihalari 25-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot qilindi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.


Bog‘ni ishlab chiqishda dunyo megapolislaridagi mashhur parklarning landshafti, qulayliklari o‘rganilgan. U faqat daraxtzor, buta va gullardan iborat o‘ziga xos dendropark bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bu poytaxt ekologiyasiga katta ta’sir ko‘rsatadigan, aholi va mehmonlar sayr qiladigan “yashil hudud” bo‘ladi.

Mazkur bog‘ning yonida Olimpiya shaharchasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Ma’lumki, Osiyo Olimpiya kengashining qaroriga ko‘ra, 2025-yilda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari Toshkentda o‘tkaziladi. Unda qit’amizdagi 45 ta mamlakat yoshlari 20 ga yaqin sport turi bo‘yicha bellashadi.


Shu maqsadda 160 gektar maydonda Olimpiya shaharchasi qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan. Chirchiq daryosining 5 kilometrdan ziyod qismida qirg‘oqlarni tartibga keltirib, eshkak eshish bo‘yicha musobaqalar uchun zarur sharoit yaratish mo‘ljallangan. Uning bo‘ylarida esa 270 gektarlik park barpo etilishi rejalashtirilgan.


Shuningdek, Qibray tumanining ushbu hududida 2 ta universitet, shifoxona, ekspo, savdo va ko‘ngilochar markaz binolari joylashtirilishi nazarda tutilmoqda.

Prezident loyihalarni sifat va qulaylik jihatidan takomillashtirish, inshootlarni qurishda jahondagi eng ilg‘or tajribalarni qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.