Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan, joriy yilning 20-fevralidan O‘zbekistonda xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarni o‘tkazishga ruxsat etildi.

Ta’kidlanishicha, bu tegishli ravishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan. Tadbirlar sanitariya-epidemiologiya me’yorlari va qoidalariga qat’iy amal qilgan holda o‘tkazilishi nazorat qilinadi.

Xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarni tashkil etishga qo‘yiladigan talablar:

  • tashkilotchi Respublika hududida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini shartnoma asosida jalb qiladi. Tadbirlarning barcha bosqichlarida epidemiologik tartiblarga rioya etilishi ustidan nazoratni ta’minlashi shart;
  • barcha tadbir ishtirokchilaridan himoya niqobi yoki respirator taqishlari talab qilinadi;
  • tadbirga kirishda barcha ishtirokchilarning harorati o‘lchanadi. Yuqori harorat yoki yuqumli kasalliklar belgilari bo‘lgan shaxslarga tadbirda qatnashishga ruxsat berilmaydi;
  • ekspozitsiyalar orasidagi masofa kengligi kamida 3 metr bo‘lishi kerak;
  • tadbir o‘tkazish joylarida shamollatish tizimlari kirayotgan havoning chiqayotganidan ustunligini ta’minlashi kerak.

Avvalroq, 28-yanvardan e’tiboran konsert tadbirlarini o‘tkazishga hamda umumiy ovqatlanish ob’ektlariga 23:00 dan keyin ishlashga ruxsat berilgan edi.