Sirdaryoning Sayhunobod tumanida istiqomat qiluvchi Eldorbek Jo‘rayev hamda To‘lqin Usmonov 15 fevral kuni Andijondan Mo‘ynoqqa qarab piyoda yo‘lga chiqishdi. Ular kuniga 40−45 km masofani bosib o‘tmoqda. Bu haqda sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Havaskor sportchilar prezidentning «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida shunday qarorga kelishgan.

Piyoda yo‘lga chiqilganidan 9 kuni o‘tib, 24 fevral kuni sirdaryoliklar Toshkentga yetib keldi. Ularga televideniye xodimlari ham hamrohlik qilmoqda. Ular bilan jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov uchrashdi.

«Sizlarning bu matonatingiz va jasoratingiz tahsinga loyiq, — dedi Ravshan Ermatov. — Futbol hakamlari bir o‘yinda o‘rtacha 15−18 km masofani bosib o‘tishadi. Sizlar esa bir kunda o‘rtacha 40−45 km masofani ortda qoldirmoqdasiz. Ishonamanki, Mo‘ynoqqacha bo‘lgan masofada sizlar juda ko‘p yurtdoshlarimizni sog‘lom turmush tarziga oshno etasizlar, bu yo‘lda sizlarga kuch-quvvat tilayman».


Shundan so‘ng vazirlik nomidan Jo‘rayev va Usmonovlarga esdalik sovg‘alari topshirildi va ularga oq yo‘l tilandi.

«Kelgusidagi maqsadlarimiz — nafaqat O‘zbekiston, balki xorijiy mamlakatlarni ham piyoda bosib o‘tish va ona Vatanimiz bayrog‘ini chet ellarda ham mag‘rur hilpiratish», — dedi Eldorbek Jo‘rayev.

Ular ob-havo o‘zgarishiga qaramasdan o‘z maqsadlaridan aslo chekinmasligini hamda Navro‘z umumxalq bayramini Mo‘ynoqda qoraqalpoq xalqi bilan kutib olishga harakat qilishini ma’lum qildi.