«O‘zbekiston temir yo‘llari» Toshkent viloyati hududida joylashgan «Ugam-Chotqol» milliy tabiat bog‘i tasarrufidagi «Shovvozsoy» dam olish maskani haqida izoh berdi.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda dam olish maskani O‘zbekiston rahbari uchun qurilgani haqida tahminlar paydo bo‘lgan edi. Kompaniya izohida xabar asossiz va noxolis ekani aytilmoqda.


Ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2010 yildagi qaroriga asosan, Ugam-Chotqol milliy tabiat bog‘i tasarrufidagi «Shovvozsoy» o‘rmon xo‘jaligi yerlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasiga temiryo‘lchilar va ularning oila a’zolari, kompaniyaning xorijiy hamkorlari, mamlakat aholisi va chet ellik sayyohlar uchun zamonaviy ekoturizm maskanini barpo etish hamda mavjud ekotizimni saqlab qolish maqsadida ajratilgan.


«Bu yerda 2011 yildan boshlab, ya’ni 10 yil davomida bosqichma-bosqich qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Barcha investitsiyalar temir yo‘l kompaniyasining byudjetdan tashqari mablag‘lari, jumladan daromadlari hisobidan amalga oshirilgan», — deyiladi xabarda.


O‘tgan o‘n yil davomida dam olish maskani qurilishiga sarflangan investitsiyalar hajmi 495 milliard so‘mni tashkil etdi, deya ma’lum qildi kompaniya.

Shu bilan bir qatorda, milliy bog‘ hududida tabiat va hayvonot olamini saqlash va rivojlantirish uchun zarur infratuzilmalar yaratilgan, ob’ektgacha elektr tarmoqlari tortilgan, avtomobil yo‘li va kichik suv ombori barpo etilgan.


Ayni paytda «O‘zbekiston temir yo‘llari» tasarrufidagi «Nazarbek», «Chimyon», «Xojikent», «Omonxona» kabi dam olish maskanlari, shuningdek «Shovvozsoy» majmuasi ham kompaniyada faoliyat yuritayotgan qariyb 90 ming temiryo‘lchilar va aholiga sifatli xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda.

Ushbu dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarida «O‘zbekiston temir yo‘llari» bilan shartnoma va yo‘llanmalar asosida, temiryo‘lchilar bilan bir qatorda, prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, turli vazirlik, idora va davlat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, shuningdek, respublika aholisi va chet ellik investorlar, hamkorlar va sayyohlarga ekoturizm va ekstremal turizm, salomatlikni mustahkamlash va qayta tiklash xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda, deya qayd etilgan bayonotda.


Fotocuratlar: «O‘zbekiston temir yo‘llari».