23 fevral kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Senat axborot xizmati xabar berdi.

Unda Investitsiya va tashqi savdo vazirligi O‘zbekiston prezidentining 2019−2020 yillarda Turkiya va Yaponiyaga rasmiy tashriflari yakuni bo‘yicha imzolangan «yo‘l xaritalari»ning savdo-iqtisodiy va investitsiyaga oid qismi ijrosi bo‘yicha axborot berdi.

Investitsiya sohasidagi kelishuvlarga ko‘ra, ushbu davlatlar bilan umumiy qiymati 5 mlrd AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 89 ta loyiha imzolangan.

Yaponiya bilan hamkorlik

Senat qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimovning aytishicha, Yaponiya bilan imzolangan 40 ta investitsiya loyihadan 19 tasining ijrosi kechikmoqda.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining raisi Ravshanbek Alimov. Foto: Senat.

«Mamlakat uchun muhim hamkor bo‘lgan Yaponiya davlati bilan imzolangan «yo‘l xarita»ga kiritilgan investitsiya loyihalari umumiy qiymati salkam 4,4 mlrd AQSH dollari miqdoridagi 40 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lsa, shundan salkam 2,6 mlrd dollarlik 19 ta kelishuv kechikib bajarilmoqda», — dedi Alimov.

Uning aytishicha, bunda eng katta oqsash Energetika va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklarida kuzatilmoqda.

Energetika vazirligiga tegishli umumiy qiymati 1,5 mlrd dollaridan ortiq «Navoiy IESda quvvati 650 MVtga teng uchinchi bug‘-gaz qurilmasini o‘rnatish» va «Energetika sektori salohiyatini rivojlantirish (2-bosqich)» loyihalari ham belgilangan muddatlarda amalga oshirilmayotganligi aytilmoqda.

«Bundan tashqari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mas’ul bo‘lgan „Respublikaning 5 ta shahrida (Buxoro, Nukus, Urganch, Farg‘ona va Quvasoy) kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish“ loyihasi ijrosida ham shu holatni kuzatish mumkin. Ushbu loyiha qiymati 784 mln AQSH dollarini tashkil etadi.
Shu bilan birga, Yaponiya bo‘yicha imzolangan investitsiya kelishuvlarida ijrosi umuman to‘xtab qolgan loyihalar ham mavjud. Bular umumiy qiymati 109 mln dollarga teng 4 ta loyihadir», — deydi Senat qo‘mitasi raisi.

Bundan tashqari, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi va O‘zbekiston Milliy bankiga tegishli qator loyihalar ham kechikmoqda.

Turkiya bilan hamkorlik

Hisobotda Turkiya bilan imzolangan umumiy qiymati 107 mln AQSH dollarlik 12 investitsiya loyihasi ijrosi ham o‘z muddatida bajarilmayotgani aytildi.

«Surxondaryo viloyati hokimligi mas’ul etib belgilangan Termiz tumanidagi „Organik Limon“ MCHJ negizida gidroponika usulidagi limon yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxona va Termiz shahrida zamonaviy turar-joy kompleksini tashkil etish loyihalari ijrosida kamchiliklar kuzatilmoqda. Ushbu 2 ta loyihaning umumiy qiymati 79 mln AQSH dollarini tashkil etadi», — dedi Ravshanbek Alimov.

Tahlillarga ko‘ra, «yo‘l xaritasi»da belgilangan umumiy qiymati 223 mln AQSH dollariga teng 7 ta loyiha ijrosi to‘xtatilgan. Bunda eng yuqori ko‘rsatkich Sog‘liqni saqlash vazirligiga tegishli ekani ta’kidlandi.

«Vazirlik mas’ul bo‘lgan «Respublikada elektron sog‘liqni saqlash tizimini joriy qilish investitsiya loyihasi» xorijiy hamkorning salohiyati yo‘qligi sababidan amalga oshirish maqsadga muvofiq emas deb topilgan. Loyiha qiymati 200 mln AQSH dollari. Bu mablag‘ «yo‘l xaritasi»ga kiritilgan barcha loyihalar qiymatining uchdan bir qismini tashkil etadi», — dedi Senat qo‘mitasi raisi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar hokimligi, Davlat geologiya qo‘mitasiga tegishli bo‘lgan bir qator loyihalar ham amalga oshirilmayapti.

Markazda Sodiq Safoyev. Foto: Senat.

Senat yig‘ilishida yuqoridagi muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillar ham aytib o‘tildi.

Birinchidan. Tasdiqlangan «yo‘l xaritalari»ning ijrosini qat’iy nazorat qiluvchi yagona markazlashgan tizim haligacha ishlamayapti. VM tuzilmasida Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi tashkil etilgan bo‘lsada, ushbu tuzilma hozirgi vaqtga qadar o‘zining to‘laqonli faoliyatini yo‘lga qo‘ymagan.

Ikkinchidan. Puxta va mas’uliyatli yondashuvning yo‘qligi. Oliy darajadagi tashriflar oldidan qisqa muddatda investitsiya loyihalarini shoshilinch ravishda tayyorlanishi kelgusida ularni istiqbolsiz deb topilishiga sabab bo‘lmoqda.

Uchinchidan. Ustuvor investitsiya loyihalarini aniqlash strategiyasi mavjud emas. Ayrim hududlarda joylashtirilishi maqsadga muvofiq bo‘lmagan energiya va ko‘p mehnat talab qiladigan investitsiya loyihalari ishlab chiqilayotgan holatlar mavjud.

To‘rtinchidan. Joylardagi senatorlar va mahalliy Kengash deputatlarining «yo‘l xaritalari»da belgilangan, hududlarga tegishli investitsiya loyihalari ijrosini nazorat qilish va mavjud muammolarni bartaraf etishda hissasi sezilmaydi. Hududlarda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari ijrosi bo‘yicha hokimlik rahbariyatining xalq deputatlari Kengashlarida hisobotlarini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.