Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylangan Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra Toshkentda yangi «Diplomat university» nomli xususiy universitet ochilishi mumkin.

Universitetda iqtisodiyot, axborot texnologiyalari, yurisprudensiya va xalqaro munosabatlar yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.

Universitetda o‘qish kredit tizimida, ta’limning kunduzgi, onlyn va kechki shakllarida, o‘zbek, ingliz va boshqa tillarda tashkil etiladi.

Shuningdek, «Diplomat university»ga «The times higher education» TOP-1000 reytingiga kiritilgan chet el universitetlarining O‘zbekistondagi filialini ochish huquqi beriladi.

Loyihada, universitet bitiruvchilariga respublikada oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan diplom berilishi aytilgan.

Agar ushbu qaror tasdiqlanadigan bo‘lsa, fuqaro Dilshod Saydamenov ta’sischiligidagi «Diplomat university» MCHJ 2022 yil 1 avgustga qadar barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod qilinishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, «Diplomat university» MCHJning ustav kapitali 100 mln so‘m bo‘lib, 2020 yil 9 sentyabrda tashkil etilgan.

«Diplomat university» Mirobod tumani, Matbuotchilar, Sayilgoh va Ota Turk ko‘chalari kesishmasida joylashishi rejalashtirilgan.

Bloger Bankiroff e’tibor berishicha, bu manzilda joylashgan va bo‘sh binolar orasida faqat DXXning sobiq markaziy binosi joylashgan. Bino prezident farmoniga asosan sotuvga qo‘yilgan edi.

Avvalroq, Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq binosi xususiy sektorga sotilishi haqida xabar bergan edik.