22 fevral kuni Xitoyning Zhifei Longcom kompaniyasi tomonidan yaratilgan va O‘zbekistonga hammualliflik huquqi berilgan vaksina Oliy Majlisga taqdim etildi. Innovatsion rivojlanish vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu vaksinaning xavfsizlik darajasi 99% ni, immunogenlik esa 97% ni tashkil etadi.

Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shaxlo Turdiqulovaning ta’kidlashicha, vaksina sinovlariga ko‘ra, ikkinchi dozani qabul qilgach organizmda antitanachalarni ishlab chiqarish darajasi 11 baravar oshgan.

«Moderna vaksinasi bilan solishtirganda ushbu vaksinaning samaradorligi 6 barobar yuqoriroq. Yana bir qulay tomoni, ushbu vaksinani oddiy muzlatgich sharoitida, 8 gradusgacha bo‘lgan sharoitida saqlash va yetkazib berish mumkin», — dedi Shaxlo Turdiqulova.

Uning aytishicha, vaksinani ishlab chiqaruvchilar parlament tinglovlarida xitoy-o‘zbek vaksinasini ro‘yxatdan o‘tish protseduralari natijalariga ko‘ra ommaviy foydalanishga tavsiya etishgan.

Ushbu vaksina ZF-UZ-VAC 2001 nomi ostida o‘zbek farmatsevtik kompaniyalari tomonidan ham ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Avvalroq ushbu vaksinani O‘zbekistonda mahalliylashtirish uchun Jurabek Laboratories MCHJ qo‘shma korxonasi tanlangani haqida xabar bergan edik.