Aholini emlash tadbirlariga jalb etiladigan tibbiyot va boshqa xodimlarni fevral oyi yakuniga qadar koronavirusga qarshi emlash masalalari bo‘yicha qayta va to‘liq tayyorgarlikdan o‘tkazish rejalashtirilgan, deya xabar bermoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Koronavirusga qarshi emlash, jumladan, vaksinatsiya jarayonining ixtiyoriyligi, birinchi navbatda emlanishi nazarda tutilmagan aholi toifalarini emlash masalasi ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, vaksinatsiya natijasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar kabi masalalar bilan bog‘liq holatlarni qonuniy hal etish uchun huquqiy asoslarni takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Parlament eshituvida xalq vakillari keksa va nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ya’ni «Temir daftar» ga kiritilgan va nogironligi hamda surunkali kasalliklari bo‘lgan shaxslar, tibbiyot xodimlari, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shuningdek huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini birinchi navbatda emlash ishlarini tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘lar edi, degan taklif ilgari surildi.

Koronavirusga qarshi birinchi navbatda vaksina oluvchilar ro‘yxatiga jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari hamda jamoat transporti xodimlari, shuningdek chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar va mehnat migrantlari ham kiritilganligi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda, deya ta’kidladi deputatlar.

«Bu esa, o‘z navbatida, mazkur ro‘yxatni adolatli tarzda qayta ko‘rib chiqishni taqozo qilmoqda. Mazkur masala yuzasidan xalq vakillari tomonidan Hukumatga bir qator takliflar berildi», — deyiladi Qonunchilik palatasi bayonotida.

Shuningdek, emlanishi lozim bo‘lgan shaxslarning elektron ro‘yxatini shakllantirish, 3 138 ta emlash punkti, 862 ta harakatdagi va mobil brigadalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mavjud 1 ta markaziy, 14 ta hududiy hamda 206 ta tuman (shahar) vaksina saqlash omborxonalarini, ulardagi 457 ta sovutkich, 148 ta elektr generator, 121 ta termosumka va termokonteynerni shay holatiga keltirish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist, bloger, OAV xodimlari, jamoat transporti xodimlari (metropoliten, temir yo‘l, aeroport xodimlari), chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar, mehnat migrantlari ketma-ketlikda, bepul emlanishi haqida xabar berilgan edi.