Oliy Majlis qonunchilik palatasi yig‘ilishida birinchi navbatda va ixtiyoriylik asosida emlanadigan shaxslar, vaksinatsiya jarayonidan o‘tishni istamasa ularga nisbatan chora ko‘rilishi mumkinmi degan savolga bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev munosabat bildirdi:

«Ixtiyoriy emlanishdan bosh tortadigan bo‘lsa, ularga hech qanday chora ko‘rilmaydi. Emlanish ixtiyoriy bo‘lgandan keyin, undan voz kechilsa, faqatgina emlashning afzalligi tushuntiriladi. Lekin emlanish niyatida bo‘lmagan odamga ish faoliyatida, mehnat faoliyatida hech qanday ta’sir choralari ko‘rilmaydi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib koronavirusga qarshi vaksina aholining xavf ostidagi qatlamiga berilishi haqida xabar bergan edik. Ushbu ro‘yxatga nuroniylar, tibbiyot xodimlari, surunkali kasalliklari bor fuqarolar, huquqni muhofaza qilish organ xodimlari, MTM va maktablar o‘qituvchilari kirgan.