23−24 fevral kunlari Yevropa Chempionlar ligasining nimchorak final uchrashuvlari davom ettiriladi. Bugun bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan o‘yinlar oldidan jamoalar tayyorgarligi, ularning nimchorak finalga qanday yetib kelganligi va o‘yinchilar holati haqida prevyuni taqdim etamiz.

«Latsio» — «Bavariya» (Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da)

Jamoalarning hozirgi holati: Mazkur uchrashuvga mezbon jamoa «Latsio» yaxshi kayfiyatda yetib keldi. Italiya A Seriyasi doirasidagi 23-tur uchrashuvida o‘z maydonida «Sampdoriya»ni minimal hisobda mag‘lubiyatga uchratdi. «Bavariya» esa Bundesliganing so‘nggi 2 o‘yinida atigi 1 ochko ishladi. 21-turda o‘z maydonida «Arminiya» bilan 3:3 hisobida jangovar durang o‘ynagan jamoa, 22-turda esa mehmonda «Ayntraxt F» jamoasiga mag‘lub bo‘ldi. Mazkur bahs so‘nggi uchrashuvini o‘z maydonida o‘tkazgan «Latsio»ning uyida bo‘lib o‘tadi. Myunxenliklar esa yana safar o‘yinini o‘tkazadi.

Nimchorak finalga qanday yetib kelishdi?

Italiyaning «Latsio» jamoasi YeCHL guruh bosqichi doirasida o‘z ishtirokini Fguruhda boshladi. Jamoa u yerda Germaniyaning «Borussiya Dortmund», Belgiyaning «Bryugge» hamda Rossiyaning «Zenit» jamoalari bilan birgalikda qatnashdi. Mazkur jamoalarga qarshi ikkitadan, jami 6 ta o‘yin o‘tkazgach 2 g‘alaba, 4 durang qayd etib, 10 ochko bilan guruhda 2-o‘rinni band etdi.

«Bavariya» o‘z ishtirokini A guruhda boshladi. Germaniyaliklar ushbu guruhda «Atletiko Madrid», Zalsburg" hamda «Lokomotiv Moskva» jamoalari bilan kurash olib bordi hamda 16 ochko bilan guruhdan peshqadam sifatida nimchorak finalga yo‘l oldi.

Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari:

Tangi Kuassi, Tomas Myuller, Leon Goretska, Serj Gnabri, Aleksandr Nyubel, Korentin Tolisso, Benjamen Pavar, Duglas Kosta («Bavariya»).

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

«Latsio» safida ayni vaqtda eng yaxshi o‘yinlar namoyish etayotgan futbolchilar Chiro Immobile hamda Luis Alberto. Alberto yarim himoyachi bo‘lishiga qaramay ushbu mavsumda 7 gol muallifiga aylangan. U 20 ta uchrashuvda maydonga tushgan va jami maydonda 1556 daqiqa harakat qilgan. Immobile esa 14 gol muallifiga aylanib ulgurgan. Ulardan 3 tasini penaltidan kiritgan. 21 uchrashuvda maydonga tushgan futbolchi jami 1695 daqiqa harakat qilgan.

«Bavariya» safida esa Robert Levandovski hamda Tomas Myuller mavsumda yaxshi natija qayd etayotgan futbolchilardan. Polshalik futbolchi 21 o‘yinda maydonga tushib, 26 gol muallifi bo‘lgan. Myuller esa, 20 o‘yinda 10 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, bugungi uchrashuvni Tomas Myuller jarohat sabab o‘tkazib yuboradi.

«Atletiko Madrid» — «Chelsi» (Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da)

Jamoalarning hozirgi holati: Mazkur jamoalarning ikkisi ham so‘nggi o‘yinlarida g‘alaba qozona olishmadi. 20 fevral kuni Madrid jamoasi Ispaniya chempionatining 24-tur doirasida «Levante»ni o‘z maydonida qabul qilib 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. «Chelsi» esa o‘tgan hafta shanba kuni «Sautgempton» mehmoni bo‘lib 1:1 ga rozi bo‘lgan edi.

Nimchorak finalga qanday yetib kelishdi?

«Atletiko Madrid» YeCHL guruh bosqichida A guruhda ishtirok etgandi. U yerda 6 o‘yindan so‘ng, 2 g‘alaba, 3 durang va 1 mag‘lubiyat evaziga 9 ochko bilan «Bavariya»dan keyingi 2-o‘rinni band etdi.

«Chelsi» esa Ye guruhida peshqadam holda nimchorak finalga qadar kela oldi. «Sevilya», «Krasnodar», «Renn» kabi jamoalar bilan bir guruhda bo‘lgan londonliklar 4 g‘alaba va 2 durangni qo‘lga kiritib, 14 ochko bilan 1-o‘rinni band etdi.

O‘zaro o‘yinlar: «Atletiko Madrid» — «Chelsi» jamoalari o‘zaro 7 marotabada o‘ynashgan. Ularning 6 tasi aynan Chempionlar ligasi doirasida. Ushbu o‘yinlarning 2 tasida «Atletiko Madrid», yana 2 tasi «Chelsi» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 3 ta o‘yinda durang natijasi qayd etilgan.

Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari:

Ektor Erera, Yannik Karrasko, Shime Vrsalko («Atletiko Madrid»). Kristian Pulishich, Tyago Silva, Kay Xavers («Chelsi»).

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

«Atletiko Madrid» safida o‘tgan yilning yozida «Barselona» jamoasidan o‘tgan Luis Suares o‘zining goleadorligi bilan yetakchilikni qo‘lga olgan. Futbolchi 20 uchrashuvda 16 ta gol urgan. Shuningdek, Madridning boshqa bir jamoasi — «Real Madrid»dan transfer qilingan Markos Lorente ham yaxshi harakat qilmoqda. U 23 o‘yinda maydonga chiqib raqiblar darvozasiga 8 bor yo‘l topa oldi.

«Chelsi»da murabbiy almashdi. Futbolchilarning harakatlari ham o‘zgarishi tabiiy, albatta. Bu mavsum londonliklar safida o‘zining yorqin o‘yinini ko‘rsatayotgan futbolchi Jorjino ayni vaqtga kelib 17 o‘yinda ishtirok etgan hamda 5 gol muallifi bo‘lgan. Qizig‘i, bularning barchasi penaltidan. Shuningdek, u 1 ta golli uzatmani ham o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Yana bir futbolchi — Meyson Maunt. U bu mavsumda 24 uchrashuvda maydonga tushdi hamda 4 gol va 3 assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Futbolchi maydonda jami 1957 daqiqa harakat qildi.