Spotify musiqiy striming xizmati 85 ta yangi mamlakatga kirib kelishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniyaning bayonotiga asoslanib, Spot xabar berdi. Xizmatga, shuningdek, 36 ta yangi til qo‘shilishi kutilmoqda.

Xabarga ko‘ra, bu yaqin bir necha kun ichida amalga oshadi.

Spotify kirib kelishi kutilayotgan yangi mamlakatlarda ham bepul, ham pullik tarif rejalari asosida xizmatdan foydalanish mumkin bo‘ladi. Ba’zi mamlakatlarda esa oilaviy, ikki kishi uchun yoki talabalar uchun tarif rejalari ham yo‘lga qo‘yiladi.

Spotify O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarga to‘liq global katalogni taqdim etadi. Kompaniya, shuningdek, katalogni kengaytirish, mahalliy mualliflar va ularning kompozitsiyalari bilan to‘ldirish maqsadida mahalliy hamkorlar bilan ishlashni ham rejalashtirmoqda.

Spotify bu shvetsiyaliklar tomonidan yaratilgan musiqiy servis bo‘lib, uning xizmatlari hozirda 120 ta mamlakat uchun ochiq. Ushbu xizmat katalogida 50 milliondan ortiq musiqa va qo‘shiqlar, 4 milliarddan ortiq pleylistlar mavjud. Bu turdagi boshqa servislardan farqi Spotify o‘zining musiqalar tavsiyasi bo‘yicha chuqur tizimi bilan mashhur.