Hafta oxiriga qadar O‘zbekistonga Volga bo‘yi orqali Rossiyaning Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Sovuq siklonda ekinlar va daraxtlarni saqlash bo‘yicha tavsiyalar haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Nigora Xo‘jayeva ma’lumot berdi.

Ushbu sharoitda, mevali bog‘ va uzumzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqizish tavsiya etildi.

Bundan tashqari, mevali bog‘ va uzumzorlar qator oralariga mahalliy o‘g‘it aralash hashak, paxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish mumkin. Buning uchun mevali bog‘ va uzumzorlarga bir tekisda eni 1,25−1,5 m hamda balandligi 0,5−0,75 m dan to‘p-to‘p qilib uyib qo‘yish kerak bo‘ladi, deyiladi bayonotda.

Daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har bir gektar maydonga 100−200 ta uyum hosil qilish kerak. Tutun bog‘ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlarni mevali bog‘ va uzumzorlarning shamol esadigan tomoniga qo‘yish hamda havo xaroratini kuzatish lozim.

Havo ochiq bo‘lib, harorat +1°S ga tushishi bilan uyumlarni tutatish, bunda uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlar oralatib tutatish kerak. Agar sovuq bo‘lmasa uyumlardan o‘g‘it sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, ertaki muddatlarda ekilgan kartoshka nihollari yerdan unib chiqqan bo‘lsa, sharoitga qarab, egat ustini polietilen plyonka bilan yopish yoki yopishning iloji bo‘lmagan maydonlarda kechki suv qo‘yishni tashkil etish va maydonning atrofiga go‘ng aralash xashak, paxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plash hamda ularni tutatish kerak bo‘ladi.

Isitilmaydigan ko‘chatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlarini sovuqdan asrashning muhim tadbirlaridan biri dugalar o‘rnatish, ustini polietilen plyonkasi bilan yopish, vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish hamda atrofiga go‘ng aralash xashak, paxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish mumkin.

Issiqsevar sabzavot ekinlaridan pomidor, shirin qalampir va baqlajon ko‘chatlarini parnikda tayyorlashni hamda bodring va poliz ekinlari urug‘larini ekishni vaqtinchalik to‘xtatib turish lozim.

Sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va ko‘kat sabzavotlar kabi ekinlarga -2−3°S havo sezilarli darajada ta’sir etmasligi aytib o‘tildi.