G‘ofir Oribjanovich Jamolov xalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida hokim etib tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

G‘ofir Jamolov (1974 yilda) Namangan shahrida tug‘ilgan. 1997 yilda Namangan sanoat-texnologiya institutini, 2006 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. U 2020 yildan to shu kunga qadar Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan.

Bunga qadar, Jamolov turli yillarda (1997−2020) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining o‘rinbosari, Namangan shahri va Namangan viloyati hokimliklarida bir qator mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.

U mazkur lavozimda 2020 yilning martidan buyon ishlab kelayotgan Olimjon Isayevning o‘rnini egalladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan haftada Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida shahar hokimi va prokurorini «Bunyodkor» mahallasining holati uchun tanqid qilgan edi. «Bu sizning yuzingiz», — degan edi davlat rahbari, IIB tayanch punktining oqlanmagan devorlarini ko‘rsatib.


Xurshid Odilov (o‘ngdan birinchi). Foto: Prezident matbuot xizmati.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga tasdiqlashicha, shahar prokurori Bahromjon Yuldashev ham lavozimdan ozod qilingan. Uning o‘rnini Xurshid Tolibovich Odilov egallagan. U bunga qadar Chust tumani prokurori bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident «Bunyodkor» mahallasining holatini tanqid qilgach, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazoqov ushbu mahallaga ko‘chib kelgan edi. «Bugun shu yerga konteyner o‘rnaydi va unga „viloyat hokimining uyi“ deb yozib qo‘yiladi», — degandi hokim. U boshqa hududlardagi muammolar ham shu tarzda hal etilishini aytgandi.