20 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etildi.

Qo‘riqlash bosh boshqarmasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • shartnoma asosida davlat ob’ektlari, muhim ob’ektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalarini qo‘riqlash;
  • qo‘riqlanayotgan ob’ektlarda jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish;
  • qo‘riqlash vositalari va tizimlarini qo‘llash sohasida yagona texnik siyosatni nazorat qilish, shuningdek, qo‘riqlash faoliyatiga zamonaviy AKTlarni keng miqyosda joriy etish;
  • shartnoma asosida texnik qo‘riqlash vositalarini o‘rnatish (sozlash), ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya qilish;
  • davlat tashkilotlari, shuningdek, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga tegishli qo‘riqlash bo‘linmalarida inspektorlik nazorat tekshiruvlarini o‘tkazish (huquq-tartibot organlari va harbiylashtirilgan tuzilmalardan tashqari), ob’ektlarda ichki, ruxsat berish rejimlariga rioya etilishiga doir tadbirlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
  • ommaviy tadbirlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etish, aholi gavjum joylarda jamoat tartibini saqlashda huquq-tartibot organlariga ko‘maklashish.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, Qo‘riqlash bosh boshqarmasi mustaqil tarkibiy bo‘linma hisoblanib, o‘z vakolatlari doirasida davlat ob’ektlari, o‘ta muhim, toifalangan va boshqa ob’ektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash bo‘yicha vazifalar va funksiyalarni ko‘rsatilayotgan qo‘riqlash xizmatlari uchun tushadigan mablag‘lar hisobiga, o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash va mustaqil xo‘jalik yuritish tamoyili asosida amalga oshiradi.

Qo‘riqlash bosh boshqarmasining shahodatlangan tarkibi Milliy gvardiyaning xodimlari hisoblanadi, huquqiy maqomi bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlariga tenglashtiriladi.

Qarorga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab Qo‘riqlash bosh boshqarmasi xodimlariga har oyda ularning lavozim maoshiga 20 foiz miqdorda oylik ustama belgilanadi. Qo‘riqlash bosh boshqarmasi ishchi va xizmatchilarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari o‘rtacha ikki baravargacha oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.

1 maydan boshlab ob’ektlarni qo‘riqlash tizimi «Yuqori sifat va qulay narx» tamoyili asosida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali bosqichma-bosqich takomillashtiriladi:

  • shahodatlangan tarkib tomonidan qo‘riqlanadigan ob’ektlarni bosqichma-bosqich harbiylashtirilgan soqchilik bo‘linmalariga o‘tkazish;
  • maqbullashtirilgan aralash qo‘riqlash turlarini joriy qilish;
  • zamonaviy texnik qo‘riqlash vositalarini joriy etish orqali jismoniy qo‘riqlashni qisqartirib borish.

Ushbu chora-tadbirlar uch bosqichda amalga oshiriladi:

  • 2022 yil 1 yanvarga qadar — vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, hokimliklarning ma’muriy binolari, o‘quv va madaniy muassasalar, chakana amaliyot kassalari, bank xizmatlari markazlari;
  • 2022 yil 1 iyulga qadar — ishlab chiqarish ob’ektlari, bozorlar, savdo markazlari, teleradiouzatuv ob’ektlari, suv inshootlari;
  • 2023 yil 1 yanvarga qadar — bank binolari va boshqa ob’ektlar.

Qaror imzolangan kundan (20 fevral) boshlab kuchga kirdi.