Bloger, filolog, Adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Soatova YouTube’dagi «Ular» loyihasi uchun bergan intervyusida 1990 yillarda o‘zbek tili yozuvida kiril alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish siyosiy motiv sababli bo‘lganligiga to‘xtaldi.

«Avval boshida alifboni nimaga o‘zgartirganmiz? Buni hech kim rad etmaydi, sabab — siyosiy motivlar. Men o‘sha vaqtlarda alifboni o‘zgartirish tarafdorlari bo‘lgan, uni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlagan ustozlarimdan bu haqda so‘raganman… Odatda leksiya vaqtlari javob berishmas edi. Keyinroq esa bizning o‘zimizga „Biz dunyoni o‘zbekcha anglashimiz kerak. Sovetcha anglashdan qochishimiz kerak. Hamma narsamiz yangi bo‘lishi kerak. Sovet o‘tmishidan qochmoqchimiz“ — deb aytishar edi. Xullas, siyosiy motivlar sabab bo‘lgan. Buni hech kim rad eta olmaydi. Bugun ham o‘sha motivlar turibdi», — dedi bloger.

Shahnoza Soatova lotin alifbosiga o‘tish bo‘yicha 1993 yilgi qonunga to‘xtalib, uni amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi. «Qonun bo‘lganidan keyin bajarilishi ham kerak-da. Bu masala ustida yana qanday bahs bo‘lishi mumkin?!» — dedi u.

Shuningdek adliya vazirining maslahatchisi lotin alifbosidagi 4 ta harf (o', g', sh, ch — tahr.) masalasida ham fikr bildirib, filolog 4 ta harfning o‘zgarishi savodga juda ham qattiq ta’sir qilmasligini aytib o‘tdi.

«Bu borada ham 2 yilcha avval jiddiy bahs qilgan edik. Bu narsa asosan texnik jihatga bog‘liq. Ular biroz noqulay. Biz o‘zbek tilining elektron lug‘atlarini yaratmoqchimiz. Haligi belgilar esa so‘zni ikkiga bo‘lib tashlayapti. Elektron musahhih esa uni ikki so‘z deb o‘ylab va bu masalani hech qanaqasiga hal qilib bo‘lmayapti. Bizda elektron musahhih to‘liq ishlamaydi. Butun dunyo hal qilgan texnik masalani biz hal qila olmay atrofida aylanib yuraveramiz. 4 ta harf o‘zgargani savodga juda ham qattiq ta’sir qilmasa kerak deb o‘ylayman», — deydi Soatova.

Ma’lumot uchun, hukumat qarori bilan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritishda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tilishi belgilangan.