19 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari majlisidan so‘ng, navbatdagi manzil Yoshlar kutubxonasi etib belgilangan edi. Biroq, o‘sha kuni davlat rahbarining korteji Namangandan 18 km uzoqlikda joylashgan, sharoiti og‘ir mahalla, 26-mehribonlik uyi va «Sahovat» qariyalar uyiga qarab yurgan edi.

«Gazeta.uz» muxbirining ma’lum qilishicha, shu sabab kutubxona ochilishi keyinga qoldirilgan. U yerda prezidentni ko‘plab o‘quvchi yoshlar, talabalar, mahallalar faollari, mutasaddilar, jumladan, bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev hamda boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari kutib turishgan edi.


Bloger Aziza Qurbonovaning yozishicha esa, kutubxonadagi yoshlar garchi prezident vaqt tig‘izligi uchun bu yerga tashrif buyurmagan bo‘lsa-da, ular boshqa narsadan xursand. «Prezidentimiz prioritetni to‘g‘ri qo‘ydi, u kishi xalq muammolari ortidan yuribdi», deya intervyu bergan Islombek.

Mazkur kutubxonada vaqtini o‘tkazib, ko‘plab taassurotlarga ega bo‘lgan Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev «bu Finlyandiyadagi kutubxona emas, o‘zimizning Namangan viloyati, Davlatobod tumanidagi yoshlar kutubxonasi» deya Facebook`dagi sahifasida post qoldirdi.

«Bizda ham shunday kutubxonalar bo‘larmikan, deb rosa rejalarini tuzar ham edik. Chet el kutubxonalariga havas bilan qarardik. Mana tumanlarda ham shunday kutubxonalar barpo etilyapti. Ishonchim komil, bu kutubxona nafaqat Namangan, balki butun Respublika yoshlari uchun sevimli maskanga aylanadi! Ilm-fan rivojida kutubxonalar juda muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, netvorking uchun juda qulay va shinam joy bo‘lgan. Kitob taqdimotlari, olimlar bilan uchrashuvlar yoki katta IT hakatonlar o‘tkazish uchun zo‘r joy bo‘lgan», — deb yozadi Alisher Sa’dullayev.


U kutubxona yaqin kunlarda ochilishini aytib, barcha viloyatlar Namangandan o‘rnak olishi lozimligini qo‘shimcha qilgan. «Ilm-fanga e’tibor shunday bo‘lishi kerak. Hamma viloyat va tumanlarda shunday kutubxonalar bo‘lishi kerak. Umid qilamanki, barcha hokimlarimiz Namangandan o‘rnak olishadi», — dedi Sa’dullayev.

Kutubxona Namangan viloyati, Namangan shahri, Davlatobod tumanida joylashgan. Umumiy maydoni 3610 kv. metrni tashkil etadi. Bino aholiga xizmat ko‘rsatuvchi 3 ta qavat va kitoblar arxivi uchun mo‘ljallangan maxsus yerto‘ladan iborat. Kutubxona bir vaqtning o‘zida 1200 kishiga xizmat ko‘rsata oladi.

Hozirda kutubxonada 120 ming kitob mavjud, kelgusi 3 yilda ularning sonini 500 mingtaga olib chiqish reja qilingan.


Binoga kirish qismida ro‘yxatga olish burchagi, infokioska joylashtirilgan. Har bir kitobxon uchun maxsus ID kartalar beriladi va ular ro‘yxatga olinadi.

Kirish qismidan o‘ng tarafda book cafe joylashgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 80 kishiga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan. Mazkur maydonchada kitobxonlar qahva hamda salqin ichimliklar iste’mol qilishlari va bir vaqtning o‘zida kitob mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘lishlariga sharoit yaratilgan.


Kirish qismining oxirida «Bolalar maydonchasi» tashkil etilgan. Ushbu maydonchada 5 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kitoblar, ularning ijodiy faoliyatini rivojlantirish uchun jihozlar ajratilgan. Shu bilan birga, kutubxonaga kelgan ota-onalarga qulaylik yaratish maqsad qilingan. Mazkur maydonchada bolalar uchun mo‘ljallangan stol va stullar, yumshoq o‘rindiqlar, o‘yinchoqlar va kitoblar qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.


Birinchi qavatning chap qismida oynalar bilan bo‘lingan kichik xonalar bo‘lib, ulardan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

  • Birinchi — kitob savdosiga mo‘ljallangan savdo shaxobchasi xonasi;
  • Ikkinchi — ko‘zi ojizlar va nogironligi bo‘lgan kitobxonlar uchun maxsus mutolaa xonasi;
  • Uchinchi — nusxa ko‘chirish va kompyuter xizmati xonasi;
  • To‘rtinchi — kichik doiradagi suhbatlarga mo‘ljallangan muloqot xonasi;

Kutubxonaning yer to‘la qismi esa jami 240 mingdan ortiq kitoblarni saqlashga mo‘ljallangan. Maxsus lift orqali arxivda saqlanayotgan kitoblar mutolaa uchun yetkazib beriladi. Binoning arxivida kitob saqlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Kitob javonlari joyidan maxsus yo‘laklarda harakatlantirish uchun moslashtirilishi rejalashtirilgan.


Binoning 2-qavati o‘ng tomonida maxsus kitob javonlari va o‘quv maydonlari joylashgan bo‘lib, kitoblar quyidagi yo‘nalishlarga bo‘linadi:

  • 1-bo‘lim: «Ijtimoiy huquqiy adabiyotlar bo‘limi». Mazkur bo‘limda Vatan tarixi, jumladan viloyat tarixiga oid kitoblar, siyosiy, badiiy adabiyotlar, milliy durdona asarlar joylashtiriladi.
  • 2-bo‘lim: «Namangan ijodkorlari bo‘limi» — ushbu bo‘limda Namangan viloyatidagi ijodkorlarning ijod namunalari, saralangan asarlari joylashtiriladi.
  • 3-bo‘lim: «Badiiy adabiyotlar bo‘limi» — O‘zbekistondagi ko‘zga ko‘ringan adabiyotshunoslar, yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, eng sara badiiy adabiyotlar, adabiyotning durdona asarlari joy olgan.
  • 4-bo‘lim: «Xorijiy adabiyotlar» — xorijiy ijodkorlarning eng sara ijod namunalari, jahon klassikasi va zamonaviy adabiyot namunalari joylashtiriladi.


Ikkinchi qavatning chap tomoni ham shu tarzda davom etadi:

  • 1-bo‘lim: «Yoshlar tarbiyasi bo‘limi» — ushbu bo‘limda yoshlar tomonidan sevib mutoala qilinadigan adabiyotlar, «Yosh kitobxon» ko‘rik tanlovi ro‘yxatiga kiritilgan badiiy adabiyotlar joylashtirilgan.
  • 2-bo‘limi: «Tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sho‘’basi» — ushbu bo‘limga tibbiyot va psixologiyaga oid kitoblar, qishloq xo‘jaligi sohasiga oid jaxon va O‘zbekistonda nashr etilgan kitoblar joylashtiriladi.
  • 3-bo‘lim: «Texnika va texnologiya sho‘’basi» — ilmiy-texnikaga oid kitoblar va qo‘llanmalar joylanadi.
  • 4-bo‘lim: «Ilmiy ishlanmalar bo‘limi» — ushbu yo‘nalishda xorijiy, respublika va mahalliy darajadagi ilmiy ishlanmalar, ilmiy qo‘llanmalar va adabiyotlar, doktorlik dissertatsiyasi va ilmiy axborotnomalar joylashtiriladi.


Ikkinchi qavatning o‘tish yo‘lagi matbuot uchun mo‘ljallangan, bu yerda xorijiy, respublika va mahalliy bosma nashrlar bilan tanishish mumkin.

Binoning uchinchi qavatining o‘ng tarafida kitobxonlar fikr-almashishilari uchun baxs-munozaralar maydoni tashkil etilgan.


Binoning uchinchi qavati chap qismi va unga tutash bo‘lgan qo‘shimcha maydonda «Raqamli kutubxona maydoni» axborot-texnologiyalariga mo‘ljallangan maydoncha joylashgan. Bu yerda 50 ta zamonaviy kompyuterlardan iborat bo‘lim tashkil etilib, yoshlar elektron kitoblardan foydalanish, o‘zlarining axborot-texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirish, loyihalarini ishlab chiqish uchun shart-sharoit yaratilgan.


Shuningdek, xorijiy andozalar asosida namanganlik yosh dasturchilarning erkin ishlashlari uchun «yashil maydonchalar» tashkil etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchinchi qavat 100 ming nafardan iborat namanganlik dasturchilarni tayyorlashga xizmat qiladi.