21 fevral kuni soat 06:40 larda fuqaro S.A. Farg‘ona viloyati Yangibo‘ston mahallasi hududida «MAN Trailer» avtomashinasini boshqarib ketayotganida uxlab qoladi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Avtomashina chap tomonga burilishi oqibatida o‘zi bilan bir yo‘nalishda orqa tomonida harakatlanib kelayotgan, U.I. boshqaruvidagi «Nexia-2» avtomashinasining yo‘liga ko‘ndalang turib, to‘qnashib ketadi.

YTH oqibatida «Nexia-2» avtomashinasidagi yo‘lovchilar Q.M. va voyaga yetmagan K.A. tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etdi.

«Nexia-2» avtomashinasi yo‘lovchisi T.M. tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan JKning 266 moddasi 3 qismi «a» bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.