23 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar parlament faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan masalani ko‘rib chiqdi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda quyi palata spikerining raqamli rivojlanish va axborot siyosati masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi ta’sis etilgan. Deputatlar mazkur lavozimga Odiljon Tojiyevni sayladi.

Ta’kidlanishicha, mazkur masala 2 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvida bildirilgan taklif va fikr-mulohazalarga bevosita bog‘liq.

Spikerning yangi o‘rinbosari davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalariga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish ishlarini muvofiqlashtirish, parlament va hokimiyat vakillik organlarining davlat axborot siyosatini ishlab chiqish hamda tatbiq etish jarayonidagi faol ishtirokini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, u Qonunchilik palatasi va siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan axborot-tahlil faoliyatiga oid ishlarni muvofiqlashtirib boradi.

Deputat Odiljon Tojiyev bundan avval, «Milliy tiklanish» fraksiyasi rahbarining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.