O‘zbekiston Qurilish vazirligi tomonidan Toshkent viloyatida xususiy sarmoyadorlar mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binolari va boshqa inshootlarning qurilishida qonunbuzarliklar aniqlandi, deb xabar qildi davlat organi matbuot xizmati.

Avvalroq, Qurilish vazirligi Toshkentda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan holda ko‘p qavatli uylar yoki mehmonxonalar qurayotgan beshta qurilish kompaniyasi nomini oshkor qilgan edi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa hududlarda ham bunday holatlar ko‘p.

O‘rganishlarda Toshkent viloyatida ham turar-joy binolarida tasdiqlanmagan va ekspertiza organlarining ijobiy xulosasi olinmagan loyiha hujjatlarisiz, qurilish-montaj ishlarini boshlash yuzasidan vakolatli organni xabardor qilmasdan qurilish ishlari amalga oshirilayotgani aniqlandi.

Xususan, Energo Tehnika Grant kompaniyasi tomonidan Bo‘stonliq tumani «Do‘stlik» MFY hududida 3 ta 4 qavatli turar joy binolarida o‘zboshimchalik bilan qurilish-montaj ishlari olib borilayotgani aniqlangan. Qurilish ishlari tegishli shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan hamda Qurilish sohasida nazorat hududiy inspeksiyasini xabardor qilmasdan olib borilmoqda. 2020 yil dekabr inspeksiya bir kunlik tekshirish o‘tkazgan.

Qisqa muddatli tekshirish natijasiga ko‘ra ishga oid bo‘lgan barcha hujjatlar o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan va huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, huquqbuzardan tushuntirish xati va tilxat olinib, qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.

Tegishli chora ko‘rilganidan keyin ham kompaniya tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda belgilangan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagan.

Quyichirchiq tumani «Oydinobod» MFY hududida Rus Bek kompaniyasi tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, hududiy inspeksiyani xabardor qilmasdansavdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksida qurilish-montaj ishlari olib borilayotganligi aniqlangan. Bu yerda ham qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazilgan. Unga ko‘ra huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, huquqbuzardan tushuntirish xati va tilxat olinib, qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan. Ammo tegishli chora ko‘rilganidan keyin ham Rus Bek tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda belgilangan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirmasdan qurilish montaj ishlari davom ettirilmoqda.

Chinoz tumanida (Yallama mahallasi) ham hududiy inspeksiyani ogohlantirmasdan Euroazia Transportion and Logistik Company kompaniyasi tomonidan bojxona terminali qurilishi aniqlandi. Bir kunlik tekshiruv yakunlari va materiallarni Bo‘stonliq tuman sudiga jo‘natish natijasida mansabdor MJkTning 99-moddasi 7-qismiga binoan javobgarlikka tortildi. Shunga qaramay, ish zarur hujjatlarni rasmiylashtirmasdan davom etmoqda.