Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 fevral kuni Namangan viloyatiga ikki kunlik tashrifi davomida «Dashtbog‘» kichik sanoat zonasiga tashrif buyurdi.

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida 120 nafar ayol va erkaklar ishlaydigan Dream linet tesktil kompaniyasi rahbari bilan suhbat qilib, muhim masala — ayollarning ishlashini taqiqlaydigan erkaklar haqida fikr bildirdi. Prezident bunday illatlar bilan yangi ish o‘rinlari va munosib mehnat sharoitlarini yaratish orqali kurashish kerakligiga urg‘u berdi.

«„Eri ruxsat bermasa deyapti“. Bu ham hozir bizning Namanganda mana shu ibora paydo bo‘lyapti. Bu ibora bilan ham kurashishimiz kerak. Nimaga desangiz, hammamiz teng bo‘lib, ayollarimizni ham munosib ish bilan ta’minlashimiz kerak. Sizga o‘xshagan 20−30 ta tadbirkor hokimga ko‘makchi bo‘lsa bo‘ldi, mening hamma yurishim kerakmas — men o‘zimni davlat ishlarim bilan shug‘ullanaveraman», — dedi prezident «Maxsus rakurs» sonida.

Shavkat Mirziyoyev mehnat migratsiyasi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Hali ko‘p-ko‘p mana shu fuqarolarimiz, sizlarni qo‘shnilaring, ko‘plarni turmush o‘rtoqlari chetda yuribdi. Mening eng katta maqsadim, qancha og‘ir bo‘lmasin, ularni sekin-sekin o‘zimizni bag‘rimizga, o‘zimizni mahallamizga, o‘zimizni uyimizga qaytarib olib kelishimiz kerak. Og‘ir, lekin barbir shu marralarni oldimizga qo‘yishimiz kerak», deya ta’kidladi davlat rahbari.

2019 yil 1 maydan boshlab, O‘zbekistonda ayollarni ayrim tarmoqlarda yoki kasblarda ish bilan ta’minlashga qo‘yilgan taqiqlar bekor qilingan edi.