O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida qatnashdi.

Davlat rahbari nutqi prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi, qolaversa, Shavkat Mirziyoyevning chiqishi teleradiokanallar orqali ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etildi.

Prezident mamlakatda demokratik yangilanishlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengash doirasidagi ishlarning asosiy vazifalariga to‘xtalib o‘tdi.

Birinchidan. Insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda turadi.

«2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan „hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik“ tamoyili asosida amalga oshiriladi. Bu o‘rinda so‘z Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi ekspertlarining faol ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish to‘g‘risida bormoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikkinchidan. «Biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat’iy davom ettiramiz», — deya qayd etdi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Uchinchidan. Alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratiladi.

«Yaqinda Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirdi. O‘zbekiston Parlamenti Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishi kutilmoqda. Biz imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etamiz», dedi davlat rahbari.

To‘rtinchidan. Aholining yarmidan ko‘pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda, deya ta’kidladi prezident, eslatib o‘tamiz, joriy yil O‘zbekistonda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili», deb e’lon qilindi.

O‘zbekiston bu yili BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasini o‘tkazishga, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taqdim etishga, shuningdek, Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi institutini ta’sis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Beshinchidan. «Biz Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdik. Bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri bo‘ldi», — dedi O‘zbekiston prezidenti.

«2021 yilda, ya’ni Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni qabul qilamiz», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Oltinchidan. Davlat rahbari «Inson huquqlari sohasida ta’lim» deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab Oliy komissar boshqarmasi bilan birgalikda global forum o‘tkazishni taklif etdi. O‘qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg‘armasiga O‘zbekiston o‘zining hissasini qo‘shmoqchi.

Yettinchidan. «Bosh kotib Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi prezident.

«Birgina o‘tgan yilning o‘zida 50 ming nafar vatandoshimiz O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi. Bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo‘ladi», — deya e’lon qildi Shavkat Mirziyoyev.

«Biz erishgan natijalarimiz bilan kifoyalanib qolmasdan, bundan buyon ham fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonda so‘z erkinligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni qat’iy maqsad qilganmiz», — dedi davlat rahbari. U shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida kodekslar ishlab chiqilayotganini ham ma’lum qildi.

Davlat rahbari o‘z nutqida BMTning din yoki e’tiqod erkinligi, sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilarining tavsiyalari alohida e’tiborga olinganini qayd etdi.

«Inson huquqlari bo‘yicha kengashga Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz. Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat’i nazar, ular uchun jazo muqarrardir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qolaversa, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokoli ratifikatsiya qilinishi aytildi. Mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachini O‘zbekistonga taklif etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, «O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiq qoladi».

«Shu bilan birga, biz inson huquqlari borasida hali ulkan yo‘lning boshida turganimizni yaxshi tushunamiz va xalqaro hamkorlarimizning qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Mishel Bachelet xonimlarining yurtimizga tashrifini kutib qolamiz. Bu borada mandatga ega bo‘lgan barcha vakillarning O‘zbekistonga tashrif buyurishlari uchun doimiy taklifnoma yuborish haqida qarorni qabul qilamiz», — dedi prezident.

Prezident shuningdek, Osiyo qit’asining inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizmini muntazam faoliyat ko‘rsatadigan platforma — Samarqand forumi negizida yaratish borasida ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.