2022 yilda O‘zbekistonda 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida futbol bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi, deya xabar qildi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmati. Musobaqa 1−19 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.

O‘FA 2022 yilgi U-23 Osiyo kubogi O‘zbekistonda qabul qilish bo‘yicha OFKga so‘rovnoma yuborgan edi. O‘FA mutaxassislari mazkur chempionatni mamlakatda o‘tkazish bo‘yicha tender jarayoniga doir zaruriy hujjatlarni OFK vakillariga taqdim etdi va ko‘plab muzokaralarni olib bordi, deyiladi xabarda.

Osiyo futbol konfederatsiyasi U-23 Osiyo kubogi-2022 bellashuvlarini O‘zbekiston yashil maydonlarida bo‘lib o‘tishiga rozilik bildirdi.

Dastlab Xitoy ushbu chempionatni 2023 yilgi Osiyo kubogiga tayyorgarlik musobaqasi sifatida o‘tkazishi kerak edi. Biroq 2020 yil 15 oktyabrda Xitoy futbol assotsiatsiyasi turnir jadvalidagi ziddiyat, boshqa xalqaro tadbirlar oldidan stadion qurilishini yakunlash muddatlaridagi muammolar va COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan xavotirlarni hisobga olgan holda musobaqani bekor qildi.

Avvalroq, Xitoy futbol assotsiatsiyasi 2022 yilda U-23 Osiyo chempionatiga mezbonlik qilish huquqidan voz kechgan va buni Pekindagi Qishki Olimpiya o‘yinlarini tashkil etishdagi muammolar bilan izohlagan edi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 2018 yilda Xitoyda bo‘lib o‘tgan musobaqaning oltin medallari sohibi bo‘ldi. 2020 yilgi so‘nggi kubokda o‘zbekistonlik futbolchilar to‘rtinchi o‘rinni egallashdi (Koreya Respublikasi g‘alaba qozondi). Chempionatning o‘zi 2013 yildan beri har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinmoqda.