1 martdan boshlab «Uzbekistan Airways» AJ yo‘lovchilari yangi xizmat turi — aviakompaniyaning qatnovlariga onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

«Ushbu xizmat yo‘lovchilarga aeroportdagi ro‘yxatdan o‘tish punktida navbatda turmaslikka va samolyot bortida kerakli joyni tanlash imkoniyatini beradi», — deyiladi xabarda.

Kompaniya yangi xizmat COVID-19 virusi tarqalishi sharoitida istalmagan aloqalarni kamaytirishi mumkinligini ta’kidlagan.

Kompaniyaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ro‘yxatdan o‘tish bepul, lekin aniq joyni tanlash pulli bo‘ladi. 2018 yilning yanvar oyida kompaniya samolyotda joy tanlash xizmatini yo‘lga qo‘ygan edi.

O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston xalqaro aeroportlarida yo‘lovchilar va bagajning mustaqil ro‘yxatdan o‘tish tizimi o‘rnatilgan edi.