18 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, shuningdek, «Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartishlar borasidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan edi.

Avvalroq «Milliy tiklanish» va «Adolat» partiyalari hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faol bo‘ysunmaslik, ommaviy tartibsizliklar va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatishga da’vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish borasidagi qonun loyihasini e’lon qilgan edi.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, ommaviy da’vat qilish kabi huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik belgilash ko‘zda tutilgan.

«Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunda veb-saytning egalari va blogerlarga ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga da’vat qilish, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborot tarqatishni taqiqlash tavsiya qilinmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 15 fevral kuni qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi. Parlament quyi palatasining xabarida, so‘nggi vaqtlarda veb-sayt yoki veb-sayt egalari, shu jumladan, blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning axborot olish va uni tarqatish madaniyati to‘liq shakllanmagani sababli, boshqa shaxslarning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlariga zarar yetkazish holatlari kuzatilmoqda.

«Qolaversa, bunday shaxslarning axborot tarqatish sohasidagi huquqiy madaniyati shakllanmagani kelajakda ular tomonidan qonun talablarini buzib, mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish, urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish ehtimolini oshiradi», deyilgan xabarda.

Alisher Qodirovning fikricha, «erkin so‘z qanchalar erkin bo‘lmasin jamiyatning xotirjam rivojlanishiga xalaqit bermasligi kerak».

«Tartibsizliklarga chaqirish, xalqning ko‘p qismi ishonch bildirgan hokimiyatga e’tirozini qonunga zid shaklda bildirish butun dunyoda jazolanadi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «xabarsiz va norozi ozchilikni siyosiy bosim quroliga aylantirishni o‘rganib olgan raqib odatdagidek „so‘z erkinligiga tahdid“ bilan yurish qilmoqda».

Deputat «Milliy tiklanish» va «Adolat» partiyalari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasi O‘zbekistonda tinch-xotirjam, emin-erkin va demokratik rivojlanishga xizmat qiladi, degan fikrda.

«Boshqariladigan beboshlikni maqsad qilgan, xalq xotirjamligi, manfaatlari va erkin so‘zning qadriga tupurib, ularni g‘arazli o‘yinlarida o‘yinchoq qilib olgan buzg‘unchilarning qo‘lini bog‘laydi. Hech kim tanqidga, to‘g‘ri so‘zga, erkin fikrni baralla aytishga qarshi emas. Erkin so‘z aql, farosat va jur’at talab qiladi. Haq so‘zni gapirayotgan odam nomini yashirmaydi, birovning ortiga berkinib baqirmaydi», deya ta’kidladi Qodirov.

Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari fikricha, erkin so‘zdan eng katta foyda — jamiyat zarariga ishlayotgan xatolarni ko‘rsatib, uni bartaraf etish yo‘lini taklif qilishda.

«Xalq ishonchi bilan vakolatga ega bo‘lgan hokimiyatga qarshi kurashishga chaqiradigan so‘z qachon va qanday hokimiyatga qarshi bo‘lishidan qat’iy nazar huquqbuzarlik sifatida baholanishi va jazolanishi zarur», — dedi Alisher Qodirov.

Legalmax yuridik firmasining boshqaruvchi hamkori Muhammadali Mahmudov 19 fevral kuni qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirish birinchi navbatda blogerlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega shaxslarning faoliyatini tartibga solishga yo‘naltirilganini ma’lum qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikda blogerlar tushunchasi yo‘qligiga aniqlik kiritib olish muhim, bunga qonun chiqaruvchilar e’tibor berishi kerak. Ular haqida faqatgina «Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunda tilga olingan — «bloger veb-sayt va veb-sahifaga egalik qiluvchi shaxsdir». (Asl ko‘rinishida: bloger — Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs).

«Ammo hozirgi vaziyat umuman boshqacha. Telegram, jonli jurnal yoki boshqa internet-maydonchalari orqali yangiliklarni tarqatish axborotlashtirish to‘g‘risidagi qonun bilan tartibga solinadigan sohadan ancha chiqib ketgan. Shu sababli kiritilishi rejalashtirilayotgan yaxshilab o‘ylanmagan o‘zgartirishlar hali qabul qilinmasidan eskirgan hisoblanadi. Buning ustiga eskirgan o‘zgartirishlar eskirgan qonunga kiritilmoqda», — deydi u.

Muhammadali Mahmudov qonunchilar chiqaruvchilarni oqibatlarga bevosita bog‘liq bo‘lgan «konseptual asoslar»ni to‘g‘ri aniqlab olishga chiqardi.

«Misol uchun, Rossiyada sohani tartibga solishga urinishlar bo‘ldi. U yerda bloger — 3000−5000 kishilik o‘z auditoriyasiga ega bo‘lgan shaxs ekanligini belgilovchi maxsus qonun mavjud edi. Ular muayyan tartibga bo‘ysunishgan. Bu xattoki, Rossiyada ham o‘xshamadi. Biz ham ushbu masalada Rossiyaga o‘xshab shu yo‘ldan borayapmiz, afsuski. Agar bu hozirgidek o‘ylanmasdan amalga oshirilsa, buning oqibatlari bizning fuqarolik jamiyatimiz uchun juda noqulay tus olishi mumkin», — deya ta’kidladi u.

Avvalroq, adliya vaziri Ruslanbek Davletov O‘zbekistonda yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarni tashkil etish SSSR Oliy Kengashi Prezidiumi farmoni bilan tartibga solinishi haqidagi ma’lumotlarni rad etdi. Shunga qaramasdan u bu borada qonunbuzarlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik mavjud bo‘lsa-da, mitinglarni tashkil etish tartibi belgilanmaganini tan oldi.